Avstraliyaning Sidney shahridagi “Bondi” sohilida sodir bo‘lgan ommaviy otishma mamlakatni chuqur larzaga soldi va qurol bo‘yicha qat’iyroq qonunlarni joriy etish bo‘yicha siyosiy ta’sirni kuchaytirdi.
Hujum yirik jamoaviy bayram tadbiri vaqtida ro‘y bergani va so‘nggi 30 yildan beri o‘lkadagi o‘ta og‘ir qurolli zo‘ravonlik insidentiga aylangani aytilmoqda. Ta’kidlanishicha, voqeada 15 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 40 dan ko‘proq shaxs jarohatlangan, ularning ayrimlari og‘ir ahvolda. Ikki gumondor: ota va o‘g‘il qurol bilan odamlarga hujum qilgan. Ota politsiya tomonidan o‘ldirilib, o‘g‘li esa jiddiy jarohatlangan holda hibsga olingan.

Mamlakat bosh vaziri Entoni Albanez voqeani “antisemitik terror akti” sifatida baholadi va hukumatni qurol qonunchiligini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.
Ma’lumki, Avstraliya 1996 yildagi “Port Artur” otishmasidan so‘ng joriy etilgan qat’iy qurol nazorati bilan tanilgan bo‘lsa ham, so‘nggi yillarda fuqarolar egalik qiladigan qurollar sonining oshgani va tartibga solishdagi farqlar xavfsizlik muammolarini keltirib chiqargani haqida munozaralar mavjud edi.

Mahalliy rasmiylar, jumladan, Janubiy Uels rahbari Kris Minns kuchaytirilgan xavfsizlik choralari bilan birga, qonunchilikka jiddiy o‘zgartirishlar kiritish zarurligini tan oldi. Shuningdek, xalqaro yetakchilar ham voqeani qoralab, hamjihatlik va antisemitizmga qarshi kurashni kuchaytirish tarafdori ekanliklarini bildirishdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA