Boliviya xalqi birinchi bosqichda Prezidentni saylay olmadi
Oliy saylov sudi ma’lumotiga ko‘ra, ovozlarning 91 foizi hisoblab chiqilgan bir paytda Boliviya “o‘ngga burildi”, ya’ni ikki muxolif nomzod - Rodrigo Pas va Xorxe Kiroga prezidentlik poygasida ikkinchi davraga yo‘l oldi.
Matbuot anjumanida sud a’zolari Pas 32,08, Kiroga esa 26,94 foiz qo‘llovga ega bo‘lgani haqidagi ma’lumotni e’lon qilgan.
Sud rahbari Oskar Xassenteufel aytishicha, dastlabki xulosa bir necha soat ichida aytiladi.
Birinchi turda g‘alaba qozonish uchun nomzod yarmidan ko‘p yoki keyingi nomzoddan 10 foiz farq bilan 40 foiz ovoz to‘plashi kerak edi. Afsuski, belgilangan me’yorga hech bir da’vogar yeta olmadi. Endi 19 oktyabrda saylovning ikkinchi davrasi bo‘lib o‘tadi.
S.Rahimov, O‘zA