English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bo‘lg‘usi Vatan himoyachilari ochiqlik tamoyillari asosida saralanmoqda
17:50 / 2022-02-28

Prezidentimizning joriy yil 22 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq Surxondaryo viloyati mudofaa ishlari boshqarmasining yig‘uv punktida nomzodlar ochiq, oshkora saralab olinmoqda.

Keyingi yillarda Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilgan islohotlar Milliy armiyamizda tub yangilanishlarni yuzaga keltirdi. Shunga muvofiq fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish tartibi ham takomillashdi. Chaqirish jarayonidagi bir-birini takrorlaydigan tadbirlarga barham berilib, chaqiriluvchilarni ochiq, oshkora saralab olish yo‘lga qo‘yildi. Nomzodlarga qo‘shin turlarini tanlash imkoniyati yaratildi. Chaqiriluvchilarni ochiq, oshkora saralab olish yo‘lga qo‘yildi. Chaqiruv tadbirlarini o‘tkazish mas’uliyati harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonlariga yuklatildi. 

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 6 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. 

 –Yangi tizim bo‘yicha yoshlarni muddatli harbiy xizmatga saralab olish, harbiy komandalarga tayinlash tadbirlari butlash komissiyalari hamda rahbariyat kengashlari, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish harbiy gospital harbiy shifokorlari tomonidan amalga oshirilmoqda, – deydi viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi chaqiruv bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Alisher Turdiyev. – Endilikda nomzodlarni saralash tuman, shahar tanlov kengashi raisi va a’zolarining umumjismoniy tayyorgarlik, yakka tartibdagi suhbat o‘tkazish tartibida amalga oshirilmoqda.  Ilgari bulg‘usi muddatli harbiy xizmatchilar tuman va shahar bosqichida ham tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lsa, endi ular faqat viloyat bosiqichida malakali shifokorlar ko‘rigidan o‘tayotir. Chaqiruv jarayonida bir-birini takrorlovchi bu kabi tadbirlarga chek qo‘yilgani ham ayni muddao bo‘ldi.  

Sohada yuz bergan bu o‘zgarishlar Qurolli Kuchlarimizni muddatli harbiy xizmatchilar bilan sifatli butlash va muddatli harbiy xizmatga chaqirishning ochiqligini ta’minlashda muhim omil bo‘layotgani ahamiyatlidir.  

–Tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun ham yig‘uv punktining o‘zida barcha sharoit yaratildi, – deydi viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi qoshidagi harbiy-tibbiy komissiya raisi, tibbiy xizmat podpolkovnigi Sobir Xaydarov.– Jumladan, ilgari chaqiriluvchilar tibbiy ko‘rikning ayrim turlaridan o‘tishda boshqa tibbiyot muassasalariga tekshiruvga yuborilgan bo‘lsa, endi o‘zimizda barcha zamonaviy sharoit bor. Tibbiy ko‘rik to‘liq shu yerning o‘zida amalga oshirilmoqda.  

Zamonaviy usulda jihozlangan yig‘uv punktida chaqiriluvchilarga qulayliklar yaratilib, turli xizmatlar ko‘rsatish ham yo‘lga qo‘yilgan. 
–Avvallari vohaning olis va chekka hududlaridan kelgan chaqiriluvchilar kech qolib ketsa, tunab qolish muammosi bor edi, – deydi chaqiruv bo‘limi birinchi toifali mutaxassisi Bahodir O‘zbekov.– Bu muammoning yechimini topish uchun barcha sharoitlarga ega 84 o‘rinli yotoqxona barpo etildi. Shuningdek, oshxona, sartaroshxona, hammom, sport zal chaqiriluvchilar xizmatida. Bunday qulayliklardan bo‘lg‘usi askarlar ham, ularning ota-onalari ham mamnun. 

Joriy yilgi mavsumda tuman va shahar mudofaa ishlari bo‘limining saralash punktlariga muddatli harbiy xizmat burchini o‘tash istagi bilan  2 ming 500 ga yaqin yigit murojaat etdi. Ular safidan oshkora tanlab olingan eng jasur, eng sog‘lom va bilimli 1 ming 955 nafari muddatli harbiy xizmatga yo‘l oladi. Bo‘lg‘usi harbiylar ana shunday ulug‘vor maqsadda tibbiy ko‘rik va rahbariyat kengashi suhbatidan o‘tmoqda. 

–Bolalikdan harbiy bo‘lishni orzu qilaman, – deydi Termiz tumani Xalqabod mahallasida yashaydigan Sardor Xamidov. – Shu maqsadda o‘qib, izlandim. Jismonan toblandim. Chaqiruv mavsumida barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tib, rahbariyat kengashi suhbatida ham bo‘ldim. Menga chegara qo‘shinlarida xizmat qilish baxti nasib etdi. Kelgusi hayotimni shu kasb bilan bog‘lab, bir umr Vatanimiz taraqqiyoti, yurtimiz obodligi va sarxadlarimiz daxlsizligi uchun xizmat qilaman.  

Muddatli harbiy xizmatga yo‘llanma olayotgan mard, bilimli va har taraflama sog‘lom o‘g‘lonlar yaqin kunlarda xizmat burchini o‘tash uchun harbiy qismlarga tantanali kuzatiladi. 


Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA