Bolgariyaning Burgas shahrida kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir start oldi.
Tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar kurashning gumanizm g‘oyalariga yo‘g‘rilganligi, uning aholi salomatligini mustahkamlashdagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tishdi. Shu bilan birga, o‘zbek kurashi Olimpiya o‘yinlariga kirish uchun yaxshi imkoniyatlarga ega ekanligi e’tirof etildi.
Musobaqa Bolgariyaning Burgas viloyatidagi Ruin shaharchasida o‘tkazilishiga asosiy sabab bu yerda azaldan kurash sport turlariga qiziqish kuchli bo‘lganligi inobatga olingan. Jumladan, Bolgariyaning birinchi Olimpiya chempioni Nikola Stanchev ham shu zamindan yetishib chiqqan.
Yana bir e’tiborli jihat, mazkur hududda har yakshanba kuni kurash va boshqa yakkakuarsh sport turlari bo‘yicha sayllar o‘tkazib kelinadi.
Kurash bo‘yicha xalqaro turnirda 20 ga yaqin davlatdan 100 nafarga yaqin saralangan sportchi ishtirok etmoqda. Erkaklar 73, 90 hamda +90 kilogramm vaznda, ayollar 63 hamda +63 kilogramm vazn toifasida g‘oliblik uchun bahslarga kirishdi.
Ma’lumot uchun aytish joiz, musobaqada O‘zbekiston sharafini erkaklar o‘rtasida +90 kilogramm vaznda nomdor polvonimiz, qit’a va jahon chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi Muhsin Hisomiddinov hamda qizlar o‘rtasida ko‘p karra mamlakat chempioni Malikaxon Qahhorova himoya qilmoqda, deya xabar tarqatdi O‘zbekiston kurash federatsiyasi matbuot xizmati.
O‘zA