Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolgariyada kurash bo‘yicha sovrin jamg‘armasi 25 ming yevro bo‘lgan xalqaro turnir yakunlandi
13:48 / 2022-05-30

Xabar berganimizdek, 28-29-may kunlari Bolgariyaning Burgas viloyati Ruin shaharchasida kurash bo‘yicha xalqaro turnir tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilgan ushbu musobaqaning sovrin jamg‘armasi 25 ming yevrodan iborat edi.

Salmoqli mukofot jamg‘armasiga egaligi tufaylimi yoki targ‘ibot ishlari yaxshi olib borilganligi uchunmi, xullas, Bolgariyada tashkil etilgan musobaqa Yevropa kurash oilasida katta qiziqish uyg‘otdi. Buni kurash gilamlarida sportning yakkakurash turlaridan nafaqat Yevropa, balki jahon chempionlari bellashganidan ham bilib olish qiyin emas.

Ana shunday polvonlardan biri ruminiyalik Iliye Daniel Natea bo‘lib, u dzyudo va sambo bo‘yicha jahonning eng nomdor sportchilaridan biri sanaladi. Bu ro‘yxatga yana bolgariyalik 165 kilogramm vazn tofifasidagi taniqli polvon Ashim Aylin, "Tokio –2020" Olimpiada o‘yinlari sovrindori (ayollar kurashi), Bolgariya faxri Evilina Nikolova,  ukrainalik iste’dodli sportchi, dzyudo bo‘yicha kadetlar va kattalar o‘rtasida Yevropa chempioni Yelizaveta Litvinenko va boshqa taniqli sportchilarni qo‘shish mumkin.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimi yuqori saviyada tashkil etildi. Unda so‘zga chiqqan mahalliy hokimlik vakillari kurash sport turining gumanizm g‘oyalariga yo‘g‘rilganligi, uning salomatlikni mustahkamlashdagi o‘rni haqida alohida to‘xtalib o‘tishdi. Shu bilan birga, o‘zbek kurashi Olimpiya o‘yinlariga kirish uchun yaxshi imkoniyatlarga ega ekanligini ham e’tirof etish barobarida Bolgariya tomoni bu yo‘lda biz bilan hamfikr ekanini aytib o‘tishdi.

Musobaqa Bolgariyaning Burgas viloyatidagi Ruin shaharchasida o‘tkazilishida ham ramziy ma’no bor. Chunki, tub aholisi asosan turklar bo‘lgan bu hududda aholi orasida azaldan yakkakurash turlariga qiziqish kuchli. Jumladan, Bolgariyaning birinchi Olimpiya chempioni Nikola Stanchev ham shu zamindan yetishib chiqqan.

Mazkur hududda har yakshanbada turk kurashi, yunon-rum kurashi va boshqa sport turlari bo‘yicha xalq sayllari o‘tkazib turilishi odatiy tusga kirgan. Bir so‘z bilan aytganda, Ruin shaharchasi Bolgariyaning polvonlar maskani ekan.

Kurash bo‘yicha xalqaro turnirda 20 ga yaqin davlatdan 100 nafarga yaqin saralangan sportchi ishtirok etdi. Eng qizg‘in bahslar  erkaklar o‘rtasida +90 kilogramm vazn toifasida kechdi. Unda g‘oliblik uchun bir emas, kamida uch nafar munosib nomzod bor edi. Bular – kurash bo‘yicha Osiyo o‘yinlari g‘olibi, qit’a va jahon chempioni Muhsin Hisomiddinov, rumin Iliye Daniel Natea, bolgariyalik Ashim Aylin edi.

Murosasiz kechgan bellashuvlar yakunida finalga Muhsin va Natea chiqib keldi. Oldinga o‘tib aytish kerak, ruminiyalik polvon ham bo‘y, ham vazn borasida raqibidan katta ustunlikka ega edi. 198 kilo tosh bosgan Iliyening bo‘yi ham 2 metrdan oshardi. Bunday raqibni ko‘tarib urish tugul joyidan siljitish ham oson emas. Shunga qaramay Muhsin bir chala ishlashga muvaffaq bo‘ldi. Ammo, o‘zi yonbosh tushib qoldi va yakunda bosh sovrin ruminiyalik sportchiga nasib etdi.

Musobaqa nizomiga ko‘ra g‘oliblar 2500 yevro, ikkinchi o‘rin sohibi 1500 yevro, ikkita uchinchi o‘rin egalari esa 500 yevrodan pul mukofoti bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir g‘olib va sovrindorlari:

Ayollar

-63 kg
        1. Olga Drix (Ukraina), 
        2. Evilina Nikolova (Bolgariya), 
        3. Eleonora Soatova (O‘zbekiston), 
        3. Malika Qahhorova (O‘zbekiston).

+63 kg
        1. Yelizaveta Litvinenko (Ukraina), 
        2. Gabriella Gigova (Bolgariya), 
        3. Gulasal Haydarova (O‘zbekiston), 
        3. Mariya Oreshkova (Bolgariya),

Erkaklar

-73 kg
        1. Bozidar Temelkov (Bolgariya), 
        2. Konstantinos Kalatidis (Gretsiya), 
        3. Antoniy Bitzamov (Gretsiya), 
        3. Nikolay Graxmets (Moldova),

-90 kg
        1. Rumen Radev (Bolgariya), 
        2. Vitaliy Sherel (Ukraina), 
        3. Ivan Stafanov (Bolgariya), 
        3. Pol Silviu Balavan (Ruminiya),

+90 kg
        1. Iliye Daniel Natea (Ruminiya), 
        2. Muhsin Hisomiddinov (O‘zbekiston), 
        3. Xusayn Xusayn (Bolgariya), 
        3. Ashim Aylin (Bolgariya).

Otabek ESHMAMATOV.

Bolgariya, Burgas.