Poytaxtimizdagi “InterContinental Tashkent” mehmonxonasida “O‘zbekiston, Ozarbayjon va Yevropa: umumiy taraqqiyot yo‘lida hamkorlik” mavzusida yuqori darajali uchrashuv davom etmoqda.
O‘zA muxbiri konferensiyada ishtirok etayotgan Bolgariya Respublikasining sobiq (1997-2002 yillar) Prezidenti Pyotr Stoyanov bilan qisqa suhbat uyushtirdi.
– Janob Stoyanov, tajribali siyosatchi sifatida mazkur anjumanning ahamiyati nimada, deb o‘ylaysiz?
– Bu juda muhim voqelik. Zero, Toshkentda ko‘plab sobiq davlat rahbarlari, Bosh vazirlar, mintaqaviy siyosiy arboblar to‘plangani bejiz emas.
Tabiiyki, anjuman doirasida kechayotgan muloqotlar xalqaro hamjamiyat, jumladan mamlakatingiz uchun ham foydali. Vaholanki, yanada kengroq aloqa o‘rnatish, fikr almashish, hamkorlikni mustahkamlashda shunday tadbirlarning o‘rni alohida.
– Sessiyalarda nechog‘li dolzarb masalalar ko‘tarilyapti?
– Dunyoning turli burchaklaridan kelgan delegatlar, jumladan, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi uchun jiddiy tahdidga aylanayotgan global iqlim o‘zgarishi, suv resurslari, energetika xavfsizligi va barqaror qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq masalalar xususida fikr almashyapti.
Qayd etish joiz, bugungi kunda Markaziy Osiyo global iqtisodiy hamkorlik zanjiridagi eng muhim xalqalardan biriga aylanmoqda. Boshqacha aytganda, Sharq va G‘arbni bog‘laydigan strategik transport-logistika va energetika tarmog‘i sifatidagi rolini yanada mustahkamlamoqda.
Yana bir gap: hozirgi globallashuv davrida Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekistonning o‘rni alohida. Bolgariya – mening mamlakatim, Yevropa Ittifoqining bir qismi. Biz mintaqa bilan iliq munosabat o‘rnatishdan manfaatdormiz.
– Yevropa vakili sifatida O‘zbekistonning boshqa mintaqalar qatori YeI tarkibidagi davlatlar bilan integratsiyalashuv borasidagi tashabbuslarini qanday baholaysiz?
– Fikrimcha, bu ajoyib tashabbus. Sababi Toshkentning tashqi siyosati tinchliksevar, do‘stona tamoyillar asosiga qurilgan. Demak, yaqin aloqalarni mustahkamlash har ikki tomon uchun juda zarur, deb o‘ylayman.
Mamlakatingizga ilk bor 28 yil avval kelgandim. Oradan shuncha yil o‘tib, Toshkentga razm solarkanman, poytaxt tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketganiga guvoh bo‘ldim. Har bir ko‘cha obod, shahar zamonaviylashgan. Juda ko‘p ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rdim.
– Mamlakatlarimiz o‘rtasida qandaydir yangi loyihalar bo‘yicha rejalar bormi?
– Ayni payt siyosat uchun mas’ul emasman, lekin munosabatlarimiz rivojlanib borayotganidan mamnunman. Bolgariyaning amaldagi Prezidenti O‘zbekistonga tashrif buyurishi yurtdoshlarimni befarq qoldirmaydi. Menga esa mamlakatingiz juda yoqadi. E’tibor uchun katta rahmat!
O‘tkir Alimov suhbatlashdi.
Suratni Asliddin Ali olgan.
O‘zA