“Boldir”da qariyb 350 ming quti noqonuniy sigaret ushlab qolindi
Surxondaryo viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shohro‘z O‘ralovning O‘zAga xabar berishicha, “Boldir” temir yo‘l chegara bojxona posti orqali mamlakatimiz hududiga kirib kelgan yuk poyezdi tarkibidagi vagonlardan birida qiymati 5 milliard 250 million so‘mni tashkil etadigan noqonuniy sigaret topilgan.

Bojxonachilar yuk poyezdi tarkibidagi vagonlardan birini belgilangan tartibda nazoratdan o‘tkazganida yuk kuzatuv hujjatlarida kafel va muzlatgich tashilayotgani ko‘rsatilgan. Biroq, ko‘rik chog‘ida vagonlardagi kafel va muzlatgich orasiga aksiz markasiz 349 ming 900 quti bojxona nazoratidan yashirilgan noqonuniy sigaret joylashtirilgani ma’lum bo‘ldi.
Ayni paytda holat yuzasidan bojxona organlari qonun doirasida dastlabki tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri