Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bo‘lar ekan-ku! (+video)
17:58 / 2025-09-18

deyishmoqda gektaridan 60 sentnerdan oshirib paxta hosili olayotgan Toshloq tumani fermerlari

– 2017 yilda mana shu maydonda har gektaridan 25 sentnerdan paxta hosili olar edik, – deydi “Xurshidbek Ziyo” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Xaliljon Yo‘ldoshev. – U esa xarajatlarni qoplamasdi. Bu yildan Prezidentimizning tashabbuslari bilan xorijdan keltirilgan navlarni plyonka ostiga qo‘shqator usulida ekdik. Har gektarda 250 mingdan ortiqroq ko‘chat undirildi. 

Ha, bugun Farg‘ona viloyatining qaysi dalasiga bormang, qiyg‘os ochilgan oppoq paxtazorlarni ko‘rasiz. Ochig‘i, dehqonlarning o‘zlari ham bunday manzarani ilk bor ko‘rayotganlarini takror va takror aytdilar. Chunki hosil mo‘l. Chanoqlar to‘liq. Paxta bo‘liq. Qo‘lda ham vaznini sezasiz. G‘ozi baland, deydi paxtakor mamnun bo‘lib.

O‘zbekiston Prezidenti Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida 2025 yilda qo‘shqator usulida xitoy tajribasiga asoslanib chigit ekishni tavsiya qilgan edi. Toshloq tumanida jami 4300 gektarda paxta yetishtiriladi. Shundan plyonka ostiga 700 gektar, 1200 gektarda esa qo‘shqator uslubida chigit ekildi. Hosil cho‘g‘idan fermerning quvonchi cheksiz.

– Har tupda 14-20 tadan ochilgan paxtalar tahlil qilindi. Hosildorlik 60 sentnerdan oshishi kutilyapti. Bo‘lar ekanku, 60 sentnerdan ham paxta olsa. 25 sentnerdan paxta olib yil davomida mehnat qilib umrimizni o‘tkazib yurgan ekanmiz, – deydi mohir paxtakor Xaliljon Yo‘ldoshev. 

Ha, fermer iqtisodiy yakuniy natijani hisoblab turibdi. Axir, 2017 yilga nisbatan hosildorlik naq 2,2 barobarga qo‘paysa-ya!

Bugun Toshloq tumanida qaysi fermer bilan suhbatlashgan bo‘lsam, muloqotimiz so‘nggida bir iborani ishlatdi: bo‘lar ekanku! Aslida bu ibora ilmga asoslanib yetishtirilgan hosildorlikka berilgan bahodir. Mana shu maydonlarda ham chigit qo‘shqator, plyonka ostiga, tomchilatib sug‘orish usulini qo‘llab ekilgan edi. Natija esa boya Xaliljon aka ta’kidlaganidek, hosildorlik har gektaridan 60 sentnerdan yuqori bo‘lishi kutilyapti. 

“Mehnatobod tarovati” fermer xo‘jaligi dalalari ham boshqalardan kam emas. 18 gektar maydonda 8290 navli chigitni 76 sxemada ekkan edilar. Bugun bu yerda paxtani mashinada terish avjida. Terim mashinasi bir borib kelishida bunker to‘ladi va uni tezda bo‘shatish lozim. Bir bunkerni bitta tirkamaga arang sig‘diryaptilar. Dalada 3-4 ta yordamchi-yu, terim mashinasi. Go‘yo har doim shunday bo‘lganidek, tinchgina, ammo salmoqli miqdorda paxta terilyapti.

– 18 gektarga paxta ekkan bo‘lsam, ilgari 100-150 ta odam bilan kamida 10 kun davomida terib olar edik, – deydi “Mehnatobod tarovati” fermer xo‘jaligi rahbari Dilshod Xudoyberdiyev. – Mana endi mashinada terib olyapmiz. Kechaning o‘zida 4 gektar maydondan 25 tonnaga yaqin paxta terib oldik. Shunday innovatsiyalarni joriy qilgani uchun Prezidentimizdan minnatdorman. Chunki 1 gektardan bir terimda 50 sentnerdan ortiq paxta olyapmiz. Mashinada paxtani terib olgach g‘o‘zani korchovka (ko‘chirib maydalash) qilib, yerni haydaymiz va don ekamiz. Erta terib olsang ham yer haydalgach keyingi ziroatga topshiriladi.

– O‘tgan yili tumanimizga 2 ta terim mashinasi olib kelingan edi. Bu yil yana 8 ta terim mashinasi sotib olindi. Nega shunday qildik? Chunki mashinada qisqa muddatda paxtani terib olib o‘rniga agrotexnik qoidalarga rioya qilgan holda boshoqli don ekamiz. Bunda qo‘l mehnatiga barham berildi, – deydi Toshloq tumani fermerlar uyushmasi raisi G‘iyosiddin Ne’matov. – Ilgari bir kunda 150-170 ta odam bilan 9-10 tonna paxta terilar edi. Bu yil esa terim mashinasida bir kunda kartaning katta-kichikligiga qarab 25 tonnadan 40 tonnagacha paxta terib olinyapti. 

Toshloq tumani paxtakorlari viloyatda eng tajribali, deb e’tirof etilib kelingan. Hozir ham tajriba, ilm avloddan avlodga o‘tib kelyapti. Shundanmi, kelasi yil rejalari ham katta.

– Kelasi yil tumanimizga yana 5-8 ta shunday yuqori unumli paxta terish mashinalari sotib olamiz. O‘shanda 20 kun ichida paxtani to‘lig‘icha terib olishga erishamiz, – deydi G‘iyosiddin Ne’matov.

Innovatsiya, ilg‘or texnologiya va terim mashinalari qo‘llanishi tufayli toshloqlik fermerlar sentyabr oyidayoq shartnoma rejalarini bajarish imkoniyatlari bor.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/3gxiD_3Esbc" title="Bo`lar ekan-ku!" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video,surat), O‘zA