Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolaning eng ustun manfaatlari: ularni ta’minlashda yuzaga kelayotgan muammoli masalalar nimada?
15:03 / 2026-01-30

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida Bola huquqlarining kafolatlarini yanada kuchaytirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Ushbu loyiha bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bolaning eng ustun manfaatlari tushunchasini kiritish taklif etilmoqda.

Bola huquqlarini ta’minlash masalasi xalqaro hamjamiyat va milliy davlatlar siyosatida ustuvor hisoblanadi. Bola huquqlarini ta’minlashning ahamiyati, uning manfaatlari bilan bog‘liq masalalar xususida Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) Surayyo RAHMONOVAning fikrlariga qiziqdik.

– Bolaga taalluqli qarorlar qabul qilish jarayonida uning eng ustun manfaatlari prinsipiga asosiy mezon sifatida qaraladi, – deya fikrini boshladi S.Rahmonova. – Ushbu prinsip BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasida mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lib, unga (3-moddasiga) ko‘ra, bolalarga taalluqli barcha harakatlarda, ijtimoiy himoya qilish muassasalari, sudlar, ma’muriy yoki qonun chiqaruvchi organlar tomonidan bolaning ustun manfaatlari birinchi navbatda e’tiborga olinishi shart. 

Shu ma’noda ushbu prinsip universal xususiyatga ega bo‘lib, barcha davlatlar va institutlar uchun majburiy ahamiyatga ega hamda ota-onalar yoki ma’muriy manfaatlardan ustun turadi. O‘zbekiston o‘z xalqaro majburiyatlari doirasida, avvalo konstitutsiyaviy darajada hamda milliy qonunchilik hujjatlarida bola huquqlarini himoya qilishga oid kafolatlarni mustahkamlagan. 

Bolaning eng ustun manfaatlari, bu – bolaga taalluqli har qanday qaror, harakat yoki siyosatda eng avvalo uning farovonligi, xavfsizligi va rivojini ta’minlash prinsipidir. Konvensiyaga ko‘ra, davlat idoralari bolaga oid barcha harakatlarda uning manfaatlarini eng ustun qo‘yishi kerak.

Masalan, sudlarda bolalar bilan bog‘liq nizolarda sud ishning aniq holatlariga asoslanib, qaysi ota-ona ushbu shartlarni ta’minlash uchun eng yaxshi vaziyatda ekanligini baholashi zarur. Vasiylik, ta’lim va tibbiyot organlari mutasaddilari ham bola bilan bog‘liq har bir holatni hal qilishda aynan shunday yondashuvda harakat qilishi zarur. Mazkur tushunchaga umumiy aniq ta’rif berish imkonsiz, chunki bolaga oid har qanday alohida holatda “eng ustun manfaat“ doimo individuallashtiriladi – vaziyatga, bolaning yoshiga, ayni vaqtdagi va kelgusi ehtiyojlariga bog‘liq bo‘ladi.

Eng ustun manfaat, bu – bola uchun eng maqbul va eng munosib yechimni ta’minlash uchun qaror qabul qilishda tayanch bo‘lgan yaxlit yondashuv.

Ya’ni, bolaning u yoki bu huquqini boshqasidan ustun qo‘yish emas, aksincha, barcha asosiy huquqlari e’tirof etilishi yondashuvidir.

Ma’lumot uchun: milliy qonunchilikni o‘rganish natijasida Bolalar ombudsmani tomonidan Adliya vazirligiga 2024 yil yakunida Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya normalari tatbiq etilishi yuzasidan, bolaning eng ustun manfaatlari prinsipi qonunan mustahkamlanishi zarurligi bo‘yicha takliflar kiritilgan.

Bolaning eng ustun manfaatlari prinsipini to‘g‘ri qo‘llash, uning jismoniy, psixologik, axloqiy va ma’naviy yaxlitligini ta’minlash, insoniy qadr-qimmatini oshirish maqsadida barcha manfaatdor tomonlarni jalb qilgan holda maqbul yondashuvni ishlab chiqish talab etiladi.

– Shu o‘rinda savol tug‘iladi: amaliyotda bolaning eng ustun manfaatlarini ta’minlashda yuzaga kelayotgan muammolar nimadan iborat?

– Bolaning eng ustun manfaati prinsipining qonunchilikda aniq tushunchasi bo‘lmaganligi tufayli mazkur xalqaro standartni amaliyotda qo‘llashda turlicha sub’ektiv talqin, yagona bo‘lmagan yondashuvlar uchramoqda. Ayrim hollarda esa kattalar manfaati yoki formal ma’muriy qulaylik bolaning haqiqiy ehtiyojlaridan ustun qo‘yilmoqda. 

Bu borada Bolalar ombudsmani davlat organlari harakati yuzasidan tegishli ta’sir hujjatlari orqali o‘z munosabatini bildirgan. Bundan tashqari, mutasaddilar bola bilan bog‘liq vaziyatlarni hal etish bo‘yicha yetarli bilim va ko‘nikmalarga ega emasligi, bunda idoralararo hamkorlikning zaifligi ham bolaning ustun manfaatlarini oqilona va tezkor ta’minlashga to‘sqinlik qilmoqda.

Aytish kerakki, bolaning ustun manfaatlari prinsipi bola huquqlarini himoyalash tizimining tayanch nuqtasi hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan ham “Bolaning eng ustun manfaatlari” mazmun-mohiyatini qonunchilikda aniq belgilash, keyingi qadamda bu prinsipni to‘g‘ri qo‘llash, bola manfaatlariga oid qarorlar qabul qilish bo‘yicha vakolatli davlat organlari salohiyatini oshirish zarur.

O‘zA muxbiri Abdulaziz RUSTAMOV yozib oldi.