Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining majlisida qator qonun loyihalari muhokama qilindi. Jumladan, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda bolaning eng ustun manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda ayollar va bolalarga nisbatan har qanday zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq, amaldagi qonunchilikdagi bo‘shliqlar zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga to‘la ko‘mak berishga to‘sqinlik qilyapti.

Mazkur qonun loyihasi bilan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar, ularning voyaga yetmagan farzandlarining qonuniy manfaatlarini davlat tomonidan himoya qilish yanada kuchaytirilmoqda. Jumladan, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan bolalarning huquqlarini himoya qilishning yangi mexanizmlarini takomillashtirish nazarda tutilmoqda. Zo‘ravonlikka murosasiz munosabat, ayol va bola huquqlari himoyasiga davlatning mas’ulligi Xalq demokratik partiyasi uchun juda muhim masala ekani qayd etildi.

Muhokamalarda deputatlar loyihadagi normalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Deputat J.Achilovga ko‘ra, qonunda ko‘rsatilgan bolaning eng ustun manfaati degan tushunchaning aniq chegarasi nimalarda aks etishi qonunchilikda ko‘rsatilishi lozim. Aks holda jamiyat a’zolari o‘rtasida, huquqni qo‘llash paytida tushunmovchiliklar paydo bo‘lishi ehtimoli yuqori.
Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA