Munosabat
Jahonda yetim bolalar va ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni himoya qilish, ularning huquq-manfaatlarini ta’minlash dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda.
Yaqinda davlatimiz rahbari huzurida ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Prezidentimiz bu yil ijtimoiy himoya bo‘yicha qilingan 34 ta muhim yangilikka qo‘shimcha 28 ta tashabbusni ilgari surdi. Tashabbuslarning ahamiyati shundaki, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun ta’lim, to‘garak, kasb-hunar, tibbiyot masalalarini hal qilish va yashash sharoitini yaxshilashdir.
Shundan kelib chiqib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi zimmasiga kambag‘allik yuqori bo‘lgan mingta mahallada bittadan oilaviy bog‘cha faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirildi. Oilaviy bog‘cha o‘rinlarini 15 foiziga kambag‘al oila farzandlari qabul qilinishi va bog‘cha to‘lovi qisman to‘lab berilishi ta’kidlandi.
Darhaqiqat, bunday islohotlarga qadam Yangilangan Konstitutsiyamizning 50-moddasidayoq belgilangani bilan ham quvonarli, ya’ni unda “...Ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanadi”, deb mustahkamlangan. Yig‘ilishda shuningdek, bog‘cha va maktab yoshidagi nogironligi bor bolalarning ta’lim bilan qamrovi Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatida eng pastligi ko‘rsatib o‘tildi. Respublika bo‘yicha bunday bolalarni 16,5 mingi maktabga, 17,5 mingi bog‘chaga bormaydi, yana 11 ming bola maxsus maktab-internetlarda ota-onasidan uzoqda o‘qiyapti. Shuning uchun 2025 yil 1 fevralgacha har bir tumanda bittadan bog‘chada inklyuziv ta’lim guruhini ochish topshirildi. 2025 yilning 1 sentyabrgacha 954 ta maktabda inklyuziv sinf tashkil etilib, yana 1 800 nafar nogironligi bor bola ta’lim olishi uchun sharoit yaratiladi.
Harakati cheklangan bolalarga maktabga kelib ketishlari uchun xarajatning 75 foizi qoplab berilishi ta’kidlandi. Shuningdek, mental va jismoniy nuqsoni bor bolalarni o‘qitadigan 90 ta maxsus maktabni ko‘p funksiyali maktabga aylantirish kerakligi aytildi. Bu orqali nogironligi bor 2 ming bola ota-onasi bilan yaqin yashab, yaqin hududdagi maktabda o‘qish imkoniga ega bo‘ladi. Yangi o‘quv yilidan Toshkent shahrida bitta shunday maktab faoliyati yo‘lga qo‘yilib, namuna qilinadi. Davlatimiz rahbari mutasaddilar oldiga 15 ming nogironligi bor bolani ta’limga jalb qilish vazifasi qo‘yildi.
Buyuk vatandoshimiz Ibn Sino yosh avlod tarbiyasining ibtidosi qanday va nimalar bilan bo‘lishi haqida «Yosh bola boshlang‘ich ta’lim va tilga doir qoidalarni yod olganidan keyin u mashg‘ul bo‘lishi mumkin bo‘lgan kasb-hunar va san’atga moyilligiga qarab, uni shunga yo‘llaymiz. Agar u kotiblikni xohlasa, til, xat yozish, nutq so‘zlash va odamlar bilan muomala qilish kabilarga dalolat qilamiz. Albatta, bu o‘rinda, bolaning mayli ahamiyatga ega», deya ta’kidlagan ekan.
O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining 77-moddasida esa «Davlat va jamiyat yetim bolalarni hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqishni, tarbiyalashni, ularning ta’lim olishini, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishini ta’minlaydi, shu maqsadda xayriya faoliyatini rag‘batlantiradi», deyilgan.
Darhaqiqat, bugungi kunda mehr-ko‘makka muhtoj yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash kabi vazifalarni bajarishda Milliy gvardiya organlari muhim o‘ringa ega bo‘ldi.
Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 avgustdagi «Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida vasiylik va homiylik organlari bilan birgalikda Milliy gvardiya organlariga ham bir qancha muhim vazifalar yuklatilgan edi.
Milliy gvardiya organlariga yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlashning «onlayn-navbat» tizimini yuritish, bolalar ro‘yxatining kiritilishi va doimiy yangilanishini, ularning o‘qishini davlat oliy ta’lim muassasalarida davom ettirish bo‘yicha qo‘shimcha kvotalarning taqsimotini nazorat qilib borishi vazifasi belgilandi.
Milliy gvardiyaga yuklatilgan ushbu vazifalar ijrosi bo‘yicha faoliyati qisqa muddatlarda quyidagi natijalarni berdi, Jumladan, Milliy gvardiya organlari tomonidan 2021 yilning 9 avgust kunidan 2022 yilning 20 yanvar kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida 1301 nafar bola Mehribonlik uylari, Bolalar shaharchalari, Bolalar uylari va «SOS – bolalar mahallalari» hisobidan chiqarilgan.
Shundan 124 nafari o‘z ota-onalari qaramog‘iga qaytarilgan, 139 nafari o‘z qarindoshlariga (amma, xola, tog‘a, amaki, buvi, buva) oila tarbiyasiga berilgan, 139 nafari vasiylikka, homiylikka va oila tarbiyasiga (patronatga) berilgan, 640 nafari esa yangi tashkil etilgan 106 ta Oilaviy bolalar uylariga tutingan ota-ona qaramog‘iga berilgan.
Bolalarning 188 nafari esa Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilinganligi va 49
nafari voyaga yetganligi uchun (18 yoshga to‘lganliklari) uy-joy bilan ta’minlangan va mehribonlik uylarini tark etishgan. Ushbu raqamlar Milliy gvardiya organlarining yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlashdagi dastlabki natijalari, xolos.
Yuqoridagi ijobiy va Milliy gvardiyaning bu sohada olib borgan samarali faoliyati natijalaridan kelib chiqib, davlatimiz rahbari bundan buyog‘iga ham yanada takomillashtirishga urg‘u berildi.
Shu yilning o‘zida mehribonlik va bolalar uylaridan 300 nafar o‘g‘il-qizlar oilaviy muhitga qaytdi. Hozirda oilaviy muhitdan ajralgan holda ta’lim-tarbiya olayotgan yana 500 nafar bola bor. Mas’ul idoralarga milliy gvardiyasi tajribasi asosida 500 nafar bolani oilaviy bolalar uyiga joylashtirish va ta’lim olishi uchun sharoit yaratish topshirildi. Nazoratsiz va qarovsiz bolalar yashashi, o‘qishiga ixtisoslashgan maktablar ro‘yxati qayta ko‘rib chiqilishi ta’kidlandi. Ularda bunday bolalar uchun 5 foiz kvota bo‘ladi. Bunda ushbu maktablarga bolalarni Ijtimoiy himoya agentligi yo‘llanmasi asosida yuborish ko‘zda tutiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz va millatimiz uchun qalbi toza, ilmli insonlar zarurdir.
Farzandlarimizning ilmiy saviyasi, kasbu hunari bilan bir qatorda axloqiy fazilatlari ham ko‘payib borishi zarur. Yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish faqat hukumatimizning yoki maktablarning emas, birinchi navbatda har bir ota-onaning muqaddas burchi ekanini unutmaylik.
Muqaddasxon Ahmedova,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zLiDep a’zosi