Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolani parvarishlash ta’tilining ish stajiga qo‘shiladigan davri 6 yil bo‘ldi
11:32 / 2022-03-02

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida kuni kecha xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi hamda ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, unda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha katta imkoniyatlar belgilandi.

So‘nggi yillarda qabul qilinayotgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlarda ham ayollarga e’tibor yaqqol ifodasini topmoqda. Jumladan, 2022 yil 9 fevralda  Prezidentimiz  tomonidan imzolangan “Fuqarolarning va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi yangi qonunga binoan Mehnat kodeksiga o‘zgartirish kiritildi. 

Bolani parvarishlash ta’tillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu ta’tillar mehnat stajiga, lekin hammasini jamlaganda ko‘pi bilan olti yil, shu jumladan, mutaxassisligi bo‘yicha ish stajiga ham qo‘shiladi. Ya’ni endilikda bolani parvarishlash ta’tilining ish stajiga qo‘shiladigan davri 6 yil etib belgilandi. 

Bunga qadar Mehnat kodeksining 234-moddasi beshinchi qismiga ko‘ra, ayollarning bolani parvarishlash ta’tilidagi vaqti mehnat stajiga qo‘shilar edi, lekin hammasini jamlaganda ko‘pi bilan 3 yil qo‘shilardi, xolos. 

Endi buni xalqona tilda tushuntirsak, aytaylik, ayol xodim pensiya yoshiga to‘lgunga qadar 4 nafar farzand ko‘rdi va ularning har birini parvarishlash uchun jami 8 yil (har bir bola uchun o‘rtacha 2 yildan) ta’tilda, ya’ni uyida o‘tirdi. 

Avvalgi tartibga ko‘ra, mana shu 8 yilning bor-yo‘g‘i 3 yili mutaxassisligi bo‘yicha, shuningdek, pensiyani hisoblashdagi ish staji sifatida qabul qilinar edi. Qolgan 5 yili stajga o‘tmasdi. 

Yangi qonunga ko‘ra esa, mana shu 3 yillik muddat ikki barobar oshirilib, 6 yil etib belgilandi. Ya’ni yuqoridagi misol bo‘yicha olsak, 8 yil bola parvarishlash ta’tilida o‘tirgan ayolga 6 yil staj yoziladi, 2 yili esa staj sifatida hisoblanmaydi. 

Ayollarga berilayotgan bunday imkoniyatlar, imtiyozlardan keyin yanada jo‘sh urib ishlaging, jamiyatga nafing tegishi uchun harakat qilging kelaverar ekan. 


Iroda Qahhorova, 
huquqshunos. 

O‘zA