Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolani maktabga qabul qilish rad etilishi mumkinmi?
13:53 / 2024-07-23

Belgilangan tartibga ko‘ra, maktab yoshidagi bolalarni umumiy o‘rta ta’limga qamrab olish tuman (shahar) hokimliklarining qarori bilan umumta’lim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) doirasida umumta’lim muassasasi pedagog xodimlari tomonidan bolalarni birma-bir (uyma-uy) ro‘yxatga olish orqali amalga oshiriladi. Umumta’lim muassasalarining 1 sinfiga 6-7 yoshli bolalar tibbiy xulosaga muvofiq qabul qilinadi.

Bolaning hujjatlarini maktabga topshirganda o‘qish boshqa tilda olib boriladigan tillar uchun suhbat o‘tkaziladimi?  

–Ota-onalar farzandini ta’lim boshqa tilda (jumladan rus tilida) o‘qitiladigan sinfga o‘qitish uchun ariza topshirgan bo‘lsa, bolaning shu tilda boshlang‘ich so‘zlashuv ko‘nikmasiga ega ekani qabul komissiyasi tomonidan o‘rganiladi.  

Namunaviy savollar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining rasmiy sayti (www.uzedu.uz) "Ota-onalar" bo‘limida e’lon qilingan. Bola tanlagan tilda boshlang‘ich so‘zlashuv ko‘nikmasiga ega bo‘lmasa, qabul komissiyasi bolani so‘zlashuv ko‘nikmasiga mos sinfga yoki boshqa maktabga joylashtirish bo‘yicha xulosa beradi.  

Bolani maktabga qabul qilish rad etilishi mumkinmi?  

–Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan Reglamentga muvofiq, Qabul komissiyasi 3 ta holatda arizani rad etishi mumkin:  

➖bolaning tibbiy ma’lumotnomasida umumta’lim maktabida ta’lim olish tavsiya etilmagan bo‘lsa; 

➖ tanlagan ta’lim tilida boshlang‘ich so‘zlashuv ko‘nikmasiga ega bo‘lmasa;  

➖so‘rovnomada keltirilgan ma’lumotlar noto‘g‘riligi aniqlansa.  

Arizasi rad etilgan fuqarolar avvalgi ariza raqamini ko‘rsatib, aniqlangan kamchilikni bartaraf etgan holda qayta ariza berishi mumkin. 

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, bolalar umumta’lim muassasasining  1 sinfiga tayyorgarlik darajasidan qat’i nazar, tanlovsiz qabul qilinadi.  

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA