Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolamga olamni anglatgan qo‘shiq
18:48 / 2021-12-10

Hali uyqudan ko‘zini ocholmagan kichik qizim televizordan yangrayotgan qo‘shiqni eshitdiyu, shartta o‘rnidan turib qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, kuylay ketdi. Zimdan kuzatib turdim. Ba’zi harflarni to‘liq talaffuz qila olmasada, qo‘shiqning har bir qatorida berilib kuylar, uyqusiragan ko‘zini yanada kattaroq ochishga harakat qilardi...

Yuragim entikib ketdi. Nimadan deysizmi? Millat faxri bo‘lgan madhiyamiz qulog‘iga chalinganida darhol o‘rnidan turib, mehr bilan ijro etayotgan qizalog‘imning mittigina yurakchasida Vatanga bo‘lgan muhabbat jo‘sh urayotganidan.

Qizim kuzatib turganimni sezib, so‘zlay ketdi:

«Ayajon, shu qo‘shiqni ismi – madhiya. Buni aytganda qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘yamiz. Men bu qo‘shiqni aytishni yaxshi ko‘yaman. Bog‘chada bolalay bilan ham biyga aytamiz». Uning bu so‘zlaridan hayratlanib turganimda «Bulayni bog‘cha opam o‘ygatganlay» deb, boshini sarak-sarak qilib maqtandi.

Titrab ketdim. Nimadan deysizmi? Qizimning «maqtangani»dan. Milliy iftixorimiz bo‘lmish madhiyamizni avvalo, qizimga o‘zim o‘rgatmaganimdan... «Farzand tarbiyasida hali bilishim lozim bo‘lgan jihatlar ko‘p ekan», deya o‘zimni o‘zim koyidim ham.

1992 yil 10 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun. Bu paytda men to‘rt yashar qizaloq ekanman. Qizimning ayni paytdagi yoshi bilan teng bo‘lgan bo‘lsamda, ona Vatanni ulug‘lovchi biror bir qo‘shiq yodlaganmikanman? Albatta yo‘q. Mana, bugunning bolasiga istiqlol bergan ne’mat.

Madhiya — vujudimizga singib, qalb qo‘ridan, ko‘ngil to‘ridan joy olgan g‘ururbaxsh va faraxbaxsh ohang. U hamisha yoqimli aks-sado beradi. Yillar chig‘irig‘ida yangi mazmun bilan sayqallanib, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ona zaminga, muqaddas Vatanimizga bo‘lgan mehrini yanada olovlantiradi.

Madhiyamiz yangraganda biz ruhan jo‘shqinlikni, azmu shijoatimiz oshganini, qalbimizda g‘urur va buyuk istiqbolga ishonch tuyg‘usini his etamiz. Madhiyamiz yuragida Vatan ishqi olovlangan har bir vatandoshimiz qalbida milliy g‘urur, o‘zlikni anglash, milliy qadriyatlarni qadrlash, vatanparvarlik, bunyodkorlik, barqarorlik va birodarlik timsoliga aylanayotgani shubhasiz. Uning g‘ururbaxsh sadosi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, katta-kichik shaharlarida, xalqaro anjumanlarda, turli uchrashuv va tantanali marosimlarda, yirik sport musobaqalarida yangramoqda.

Asrlar osha o‘zbek millatining bag‘rikengligi, yosh avlod millat ertasi ekani, ko‘tarinki ruh va da’vatkorlik, har bir satrida buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ulkan meros, kelajagimizga bo‘lgan ishonch ruhi ufurib turibdi.

Madhiyamiz matni muallifi Abdulla Oripov suhbatlarining birida quyidagilarni aytgan edi: “…madhiyaning janr sifatida o‘z qonun-qoidalari bor. U jumladan, lirik qo‘shiqlardan farq qiladi. Uning yuksak sururiga yillar mobaynida turli toifadagi, turli saviyadagi fuqarolar yakdil vatandoshlar sifatida ko‘nika boradilar. Madhiya (gimn)larning tarixi asli shundoq. 

Ba’zilar hozirgi madhiyamizning musiqasini tinglaganda eski so‘zlar esga kelaveradi, degan gaplarni ham qilishdi. Aytish lozimki, eski so‘zlar eski avlodlar qulog‘ida ko‘milib ketdi. Yangi avlodlar yangi madhiyani xotiralarining toza varaqlariga yozib olg‘usidir. Zero, Davlat madhiyamizning ohangi musiqa asari sifatida jahon davlatlari madhiyalari orasida eng noyoblaridan biri hisoblanadi».

Yaqinda bir tadbirda Abdulla Oripovning turmush o‘rtog‘i Hanifa Oripova madhiyamizning yaratilishi haqida to‘lqinlanib, shunday degan edi:

«Men madhiyamiz matnini yozuv mashinasida 200 martadan ko‘proq qayta ko‘chirganman. Sessiya bo‘lishidan bir kun avval, Mutal aka bilan Abdulla aka tong sahargacha madhiyamizning musiqaga tushmayotgan so‘zlari ustida obdon ishladilar. O‘sha kuni men ham uxlamay, ularning qanchalik mashaqqat bilan mehnat qilganliklariga guvoh bo‘lganman. Bolalarimiz ham madhiyani kuylab ko‘rishdi. 

Ularning tilida juda yoqimli eshitildi, menga. Barchamiz Abdulla akaning madhiyasi tanlovdan o‘tishini istadik. Ayniqsa, Mutal akaning «Kelin, agar shu madhiyam tanlovda o‘tsa juda quvonardim, chunki madhiya yangraganda dushmanim ham o‘rnidan turib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yadida...», dedilar hazil aralash.

Xalqimizning asriy orzulari jo bo‘lgan madhiyamiz yoshi ulug‘ insonlar qalbida orzu-istaklar ro‘yobi, shukronalik tuyg‘ularini mujassam etsa, yoshlar qalbida milliy iftixor, vatanparvarlik, fidoyilik tuyg‘ularini ifodalaydi.

– Bir paytlar biz, O‘zbekiston ham yuksak sharafga muyassar bo‘larmikan, milliy ramzlarimiz dunyo sahnalarida balandga ko‘tarilarmikan, deb orzu qilganmiz. Salkam qirq yillik o‘qituvchilik faoliyatimning eng zavqli damlari istiqlol yillaridagi davrga to‘g‘ri keladi, desam adashmayman. Ayniqsa eslayman, davlatimiz ramzlarini yosh avlod ongiga singdirish, o‘quvchilarga uning tub mohiyatida qanday ulug‘ maqsadlar mujassamligini yetkazish bizga o‘zgacha shijoat bag‘ishlardi. 

O‘sha kungi dars soatlarimiz qiziqarli o‘tardi. Mana shuncha yil o‘tibdi. Quvonarlisi, madhiyamiz yoshlarda Vatanga muhabbat, boy tariximizga, milliy o‘zligimizga chuqur hurmatni shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama barkamol va yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishida muhim tarbiyaviy vosita bo‘lib xizmat qilmoqda, – deydi Jizzax shahrida istiqomat qiluvchi Zulayho aya Mamanazarova.

Madhiyamiz qabul qilinganiga ham 29 yil to‘ldi. Bugun bu yoshni qarshi olgan yigit-qizlar mustaqil fikrlaydigan, jamiyatda o‘z o‘rniga ega erkin shaxslardir. Milliy ramzimiz bo‘lmish madhiyamiz ham dunyo hamjamiyatida O‘zbekistonning milliy g‘ururi, iftixori sifatida bo‘y ko‘rsataveradi.

Dilfuza MAHKAMOVA,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassisi.