Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Bolalik sayyorasi”dagi quvonchli kun taassurotlari
17:20 / 2023-06-01

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni mamlakatimiz miqyosida keng nishonlanmoqda. Ushbu kun munosabati bilan bayram va xayriya tadbirlari, uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

Bayram arafasida “O‘zbekiston SOS bolalar mahallalari” uyushmasining Samarqand viloyati filiali, oilaviy mehribonlik uylaridagi 300 nafar ota-ona mehridan mahrum bo‘lgan bolalar, shuningdek, yuqorida tilga olingan uyushma filiali huzuridagi ijtimoiy yetimlikning oldini olish xizmati tomonidan nazorat qilinadigan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun tashkil etilgan tadbir ulardan biridir.  

“ERIELL” kompaniyalar guruhi va “Silk Road Samarkand” sayyohlik majmuasi hamkorligida hamda Milliy gvardiya va Samarqand viloyati IIB Turistik politsiyasi ko‘magida uyushtirilgan “Bolalik sayyorasi” deb nomlangan tadbir 2 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni birlashtirdi va ularga olam-olam quvonch ulashdi. Shuningdek, xayriya tadbiri doirasida bolajonlarga Samarqand bo‘ylab qiziqarli sayohat uyushtirildi, unda gidlar qadimiy shahar tarixi haqida so‘zlab berdi. So‘ngra ularga tushlik tashkil etildi.  

“O‘zbekiston SOS bolalar mahallalari” uyushmasining Samarqand viloyati filiali direktori Dilrabo Davronovaning qayd etishicha, bu kabi tadbirlar tarbiyalanuvchilarni ilhomlantiradi, o‘zida bolalikning barcha quvonchlarini yorqin ranglarda his qilish imkonini beradi.  

– Bolalarning yuzlaridagi tabassumni hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Bolalar bayramda o‘tkazgan har bir daqiqasida chin yurakdan quvondi. Esdalik sovg‘alar esa ular uchun katta rag‘batdir. Bolalarimiz hayotidagi ishtirokingiz uchun “ERIELL Group” va “Silk Road Samarkand” sayyohlik majmuasi jamoasidan behad xursandmiz. Bunday tashkilotlarning olijanobligi taqdiri oson bo‘lmagan bolalarning hayot yo‘lida kattalar va farzand o‘rtasida do‘stlik, ishonch ko‘prigini qurgan holda dadil qadam tashlashiga yordam beradi, – dedi D. Davronova.  

[gallery-12160]

“Bolalik sayyorasi” tadbiri doirasida bolajonlarga shirinliklar to‘plami va “Super Leo” kitobi sovg‘a qilindi.  

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA