O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlab har yili an’anaviy tarzda maxsus ko‘rgazma va konsert dasturlari namoyish etiladi. Joriy yilda ham ushbu an’ana davom ettirilib, “Bolalik sayyorasi” nomli ijodiy ishlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda bolalikning beg‘ubor olami, orzu-istaklari va rang-barang tasavvurlar aks etgan.
Ma’lumki, galereya qoshida “Ulkan muvaffaqiyatlar boshi”, deb nomlanuvchi bolalar studiyasi faoliyat yuritib keladi. Uning asosiy maqsadi bolalarga olam go‘zalligi, nafosati va uyg‘unligini ko‘rsatish, jajji qalblarda bu go‘zallikni idrok etish hamda ifodalay olish qobiliyatini o‘stirishdan iborat.
Mashg‘ulotlar davrida bolalar O‘zbekiston Milliy banki to‘plamidan o‘rin olgan mashhur rassomlarning asarlari va dunyo tasviriy san’at merosini namoyon etuvchi xorijiy ijodkorlarning ijodi bilan yaqindan tanishib boradi. Turli janrlarda asarlar yaratish bo‘yicha mahorat darslarida qatnashadi. San’atning nozik sir-asrorlarini o‘rganadi.
[gallery-23715]
Studiyaning yosh ijodkorlari Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga ham alohida tayyorgarlik ko‘rib, bir qator asarlar yaratdi. Ularning ushbu ishlari mazkur ko‘rgazmadan joy olgan.
Galereyaning ekspozitsiyalar zalida “Ulkan muvaffaqiyatlar boshi” va “Art Hameleon”, “Barkamol avlod”, “Avokado”, “Mehrli maktab”, “Sharifart”, Art-byuro “Kolibri”, “Masterskaya”, “Moroz ART” bolalar studiyalari hamda 10-, 18-, 19-, 26-bolalar musiqa va san’at maktabi, Respublika san’at maktab-internati tarbiyalanuvchilari tomonidan ishlangan tasviriy san’at namunalari namoyish etilmoqda. “Mening oilam”, “Dunyo xalqlari ertaklari”, “Yurtim tabiati”, “Erkin mavzu” yo‘nalishidagi ijodiy ishlarning har biri o‘ziga xos ifoda uslubi bilan tomoshabinlarga manzur bo‘lmoqda.
Ko‘rgazma ochilishida “Ariya” estrada raqs maktabi, “Tabassum” ansambli, Art-byuro “Kolibri” studiyalari o‘z konsert dasturlari bilan ishtirok etib, barchaga xush kayfiyat ulashdi.
Tadbirda bir guruh ijodkor bolajonlar maxsus sertifikat va sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Dildora Shomurodova,
Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA