Qishki ta’til kunlari poytaxtimizda bolajonlar uchun haqiqiy bayramga aylandi. Quvonch va tabassumga to‘la ushbu tadbir har bir bolaning qalbida yangi yil mo‘’jizasiga ishonch uyg‘otdi, ularni orzular olamiga yetakladi.
Bayram tadbiriga 22 va 30-sonli Mehribonlik uylari, “SOS – bolalar mahallalari”, Toshkent shahri va viloyatidagi Oilaviy uylar tarbiyalanuvchilari, shuningdek, tutingan ota-onalarning o‘z farzandlari hamda gvardiyachilarning farzandlari taklif etildi.
Bayramona bezatilgan zalga kirib kelgan bolajonlarning yuzlarida quvonch, ko‘zlarida esa cheksiz hayajon porladi. Ular uchun har bir lahza unutilmas bo‘lishi, yangi yil kayfiyati qalblariga iliqlik baxsh etishi maqsad qilindi.
Bayram dasturining eng yorqin nuqtasi “Qish mo‘’jizasi-4: “Sohibjamol va maxluq” nomli namoyish bo‘ldi. Mazkur sahna asari o‘zining rang-barang dekoratsiyalari, kuy-qo‘shiqlari va qiziqarli sahna ko‘rinishlari bilan bolalarni sehrli olamga yetakladi. Eng muhimi, bolalarga chinakam insoniy fazilatlar — yaxshilik, mehr-shafqat, sadoqat va bag‘rikenglik g‘oyalari singdirildi.
Tadbir yakunida bolajonlar nafaqat bayram tomoshasidan ulkan zavq oldi, balki ularga yangi yil sovg‘alari ham topshirildi. Bu sovg‘alar bolalarga yanada quvonch ulashdi.
Bunday bayramlar bolalar qalbiga iliqlik ulashibgina qolmay, ularni mehr, yaxshilik va insonparvarlik ruhida tarbiyalaydi. “Qish mo‘’jizasi” kabi tomoshalar esa har bir bolaga “sen yolg‘iz emassan, sen qadrlisan”, degan tuyg‘uni his ettiradi. Ana shunday ezgu tashabbuslar jamiyatimizda bolalar baxti eng oliy qadriyat ekanini yana bir bor namoyon etadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/x1W_Sm2eajg" title="Bolalik quvonchi va saxovat uyg`unlashgan lahzalar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
U.To‘xtayev (video), O‘zA