Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Bolalik akademiyasi" raqamli platforma ishga tushirildi
16:34 / 2022-04-14

UNISEF Maktabgacha ta’lim vazirligi va "Bilim Makon" axborot va pedagogika texnologiyalari innovatsion markazi bilan birga "Bolalik akademiyasi" raqamli platformasini ishga tushirdi.

Ayni paytda poytaxtimizda O‘zbekistonda maktabgacha ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mazkur platforma taqdimoti o‘tkazilmoqda.

Taqdimotda ta’kidlanishicha, "Learning pasport" UNISEF va Microsoft hamkorligida yaratilgan bo‘lib,  moslashuvchan raqamli o‘quv platformasidir. Hozir platforma butun dunyodagi millionlab bolalarning o‘qishini qo‘llab-quvvatlash uchun ishlamoqda.

Mazkur platforma maktabgacha ta’lim pedagoglari uchun malaka oshirish kurslari, mashg‘ulot rejalari,  qo‘shimcha o‘qish uchun materiallar, raqamli ta’lim va tarbiya resurslari bilan ta’minlaydi. Bularning bari "Ilk qadam" maktabgacha ta’lim davlat o‘quv dasturi va O‘zbekiston Respublikasining erta va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishi bo‘yicha davlat talablari asosida ishlab chiqilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bola miyasining 90 foizi 5 yoshga qadar rivojlanadi. Bu davrda ota-onalar va pedagoglar bolaga butun umri davomida ta’lim olishi uchun mustahkam poydevor qo‘yishda yordam berishlari mumkin. Buning uchun  tarbiyalovchi va rag‘batlantiruvchi muhit yaratishlari, bola bu orqali o‘rganishi, rivojlanishi va yutuqlarga erisha olishi zarur.

– Ushbu ahamiyatli davr hayotda faqat bir marta keladi, shu bois u maktabgacha yoshdagi millionlab bolalar uchun juda muhimdir,– dedi Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin. – Ular butun umri davomida erishadigan jismoniy va ruhiy natijalar, moliyaviy ta’minlanganlik darajasi aynan shu vaqt ichida ko‘rsatiladigan yordamga bog‘liq.

Mazkur texnologik innovatsion g‘oya butun mamlakat bo‘ylab maktabgacha yoshdagi bolalarga maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qatnashi yoki qatnamasligidan qat’i nazar, yuqori sifatli o‘quv resurslaridan foydalanish imkonini beradi.

– Ma’lumotlarga ko‘ra, aynan erta va maktabgacha yosh davrida sarmoya kiritish foydali. Bolalarni erta yoshidanoq tarbiyalash, himoya qilish, rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash ijobiy o‘zgarishlarga olib keladi. Erta ta’limga kiritilgan sarmoya 16 baravar ko‘payib qaytadi, – dedi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. – Shuning uchun ham UNICEF O‘zbekistonda "Bolalik akademiyasi" o‘quv platformasini ishga tushirish bo‘yicha innovatsion yondashuvni tatbiq qildi. Ushbu platforma 3–6 yoshli bolalarning tarbiyachilari va ota-onalari o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirishlariga imkon yaratadi.

"Bilim Makon" markazi direktori Oyatullo Rahmatullayevning so‘zlariga ko‘ra,  pedagoglar – bola hayotiga eng ko‘p ta’sir ko‘rsatadigan shaxslardan biri. Ular malaka oshirish kurslarida o‘qib, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallashlari va uni o‘z ish faoliyatlarida qo‘llashlari mumkin bo‘ladi. Tarbiyachilar zamonaviy va ilg‘or ta’lim amaliyotlaridan foydalanganda bolalar jismoniy, hissiy va ta’limiy jihatdan o‘sishga erishadi. "Bolalik akademiyasi" pedagoglarimizning shaxsiy va kasbiy rivojlanishi uchun katta qulayliklar taqdim etadi.

"Bolalik akademiyasi" bolalar foydalanishi uchun ham qulay. Ular savodxonlik, hisoblash va ijtimoiy-hissiy ko‘nikmalarni rivojlantiruvchi o‘yinlarni o‘ynashlari, o‘z ona tillaridagi elektron kitoblarni o‘qishlari mumkin. Bundan tashqari, o‘quv-ko‘ngilochar videolarni tomosha qilish va yoshga mos kutubxonadan foydalanish imkoniyatlari ham mavjud.

"Bolalik akademiyasi"ni ishga tushirish orqali O‘zbekiston bo‘ylab 20 mingga yaqin pedagogni qamrab olish, 1,5 millionga yaqin bolalarning o‘qish va rivojlanish natijalarini yaxshilash ko‘zda tutilgan.

Mohigul Qosimova, O‘zA