English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Bolaligim – bu faqat sho‘xlik va o‘yinqaroq emas, balki fikr va dunyoqarash asoslari shakllangan davr bo‘lgan", – Sherzod Kudbiyev
23:20 / 2025-06-01

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev o‘zining bolaligi haqida O‘zA muxbiriga so‘zlab berdi.

— Men Farg‘onaning Vodilidanman, ammo bolaligim Samarqandda o‘tgan. Yoshligimda juda sho‘x va har narsaga qiziquvchan bola edim. Shuning uchun maktabga ham biroz ertaroq berishdi — o‘zimdan kattalar bilan birga o‘qiy boshladim.

Dadam fan doktori edi. Oilamizda ilm ahli, ulug‘ ustozlar doimiy mehmon bo‘lardi. Dadam qayerga borsa, meni ham o‘zi bilan olib ketardi. Ularning suhbatlarida iqtisodiyot, siyosat, jamiyat haqida shunday chuqur muhokamalar bo‘lardiki, go‘yo bola emas, kattalarcha fikrlashga majbur bo‘lardim.  

Maktabdagi darslar menga yengil tuyular, tez zerikar va yangi qiziqishlarni izlardim.  Juda sho‘x bo‘lganman, 9 qavatli uyning zinapoyasi (pojarnыy)ga osilib chiqib, pastga tushish men uchun oddiy mashg‘ulot bo‘lgan — qo‘rqmas, to‘xtamas bola edim.  

Erta ulg‘aygansan, deyishadi. Chindan ham shunday bo‘lgan — men maktabga ham o‘z tengdoshlarimdan ertaroq borganman.

15 yoshimda abituriyent edim.  Katta sinov – imtihonga bir kun qolganda boshimni yorib qo‘ydim. Dadam va ayam juda xavotirlanishdi. Ertasi kuni ishonch bilan imtihonga bordim va 15 yoshimda talaba bo‘ldim.

Bolaligim – bu faqat sho‘xlik va o‘yinqaroq emas, balki fikr va dunyoqarash asoslari shakllangan davr bo‘lgan. O‘sha muhit, kattalarning fikrlari va qiziquvchan tabiatim bolalikning o‘ziga xos maktabiga aylangandi — bu men kim bo‘lishimda muhim rol o‘ynagan. Bugun shunday xotiralarimni yodga olgan holda, barcha bolalarga doimo qiziqish, ilmga muhabbat va sevimli muhitda kamol topishini tilayman.

Umidjon Qurbonov, O‘zA