Farg‘ona shahridagi 3 ta davlat ta’lim tashkilotida joriy yil 21-fevral kuni bolalarning ommaviy zaharlanishi yuz berganligi bilan bog‘liq holat keng jamoatchilik orasida turli fikr-mulohazalarga sabab bo‘lmoqda.
Ma’lumki, xuddi shu kabi bolalarning ommaviy zaharlanishi holati o‘tgan yil sentabr oyida Toshkent viloyatining ayrim tumanlaridagi autsorsing asosida ovqatlantiriladigan davlat bog‘chalarida sodir bo‘lgan edi.
Umuman, mamlakatimizning turli hududlarida bunday ko‘ngilsiz voqealar takrorlanayotgani fuqarolar, ayniqsa, ota-onalar, Xalq demokratik partiyasi vakillarining haqli e’tirozlarini keltirib chiqarmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Qizilgul Qosimova ushbu dolzarb masalada sohaga asosiy mas’ul bo‘lgan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimovaga deputat so‘rovi yubordi.
So‘rovda qayd etilganidek, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-yanvardagi “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 1-son qaroriga muvofiq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ta’lim sohasida ovqatlantirishni tashkil etish va nazorat qilish markazi davlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etishni muvofiqlashtirishga mas’ul etib belgilangan.
Biroq belgilangan tizim amaliyotda qat’iy va samarali ishlamayotganini ko‘rsatmoqda. Natijada esa ko‘plab bolalarning zaharlanishi bilan bog‘liq noxush holatlar yuz bermoqda.
Yuqoridagi holatlar qator masalalarni yuzaga keltirmoqda va jiddiy savollarni tug‘dirmoqda:
1. Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tadbirkorlik sub’ektlari bilan belgilangan tartibda shartnomalar tuzilishini va autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirish yo‘lga qo‘yilishini ta’minlash jarayonida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi normativ-huquqiy hujjatlar ustuvorligi tamoyiliga amal qilinishi holati qay darajada? Davlat xaridlarini tashkil etishda qonunchilik hujjatlariga qat’iy rioya etilishiga to‘sqinlik qilayotgan qanday omillar bor?
2. Turli manbalarda Farg‘ona viloyatida xizmat ko‘rsatayotgani keltirilayotgan “Garden Catering Trade” MCHJ bo‘yicha qonunga muvofiq qabul qilinmagani bildirilgan qarorni bekor qilish va ushbu sohada kelgusida qonuniylikni ta’minlash yuzasidan vazirlik tomonidan o‘z vakolati doirasida qanday aniq choralar ko‘rilgan?
3. Keytering tashkiloti tomonidan taklif qilinayotgan taomlarning retseptura to‘plami, tarkibiy qismi hamda energetik qiymati belgilangan talablar asosida ishlab chiqilmagani vazirlik rasmiy mansabdori tomonidan 2024-yil iyul oyida qayd etilgan bo‘lsa, bu kabi holatlar bo‘yicha vazirlik shu vaqtga qadar o‘z vakolati doirasida qanday aniq choralar ko‘rgan va qanday natijalarga erishgan?
4. Toshkent viloyatining ayrim tumanlaridagi autsorsing asosida ovqatlantiriladigan davlat bog‘chalarida o‘tgan yil sentabr oyida sodir bo‘lgan bolalarning ommaviy zaharlanishidan qanday xulosalar chiqarildi? Qanday tashkiliy va huquqiy choralar ko‘rildi? Nima sababdan bu kabi nojo‘ya holat yana takrorlanmoqda?
5. Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish tartibini takomillashtirish, samarali nazoratni amalga oshirish, jamoatchilik va ota-onalar ishtirokini kengaytirish, shuningdek, sohadagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan qanday takliflar bor?
XDP fraksiyasi a’zosining so‘rovida shu kabi muhim va dolzarb masalalar ko‘tarilgan.
Ta’kidlash lozimki, “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasiga muvofiq, vazir so‘rov olingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay yozma javob yuborishi lozim.
M.Komilova, O‘zA