Yurtimizda bolalarga bo‘lgan e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, ularning har tomonlama rivojlanishi, iqtidori va yetakchilik qobiliyatini ro‘yobga chiqarish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada O‘zbekiston bolalar tashkiloti faoliyati muhim ahamiyatga ega.
Tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan yangi tashabbuslar va rejalar xususida O‘zbekiston bolalar tashkiloti Boshqaruv kengashi raisi Hasanboy Nabiyev quyidagilarni ma’lum qildi.
–2024 yil 15–16 fevral kunlari Prezidentimizning Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida ilgari surilgan tashabbus – O‘zbekiston bolalar tashkilotini tuzish g‘oyasi katta ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Mazkur tashabbus doirasida tashkil etilgan bolalar tashkiloti mamlakat miqyosidagi o‘ziga xos faol va tashabbuskor bolalar maydoniga aylanmoqda. Tashkilot bolalarning iqtidori, har tomonlama kuchli va zukko bo‘lib voyaga yetishida muhim platforma vazifasini o‘tamoqda.

Xususan, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida tashkilot tomonidan 24-an’anaviy anjuman tashkil etildi. 330 nafar O‘zbekiston bolalar tashkilotining “Bolalar harakati” sardori, tashkilot faollari hamda yil davomida tashkil etilgan loyiha va tadbirlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bolalar mazkur anjumanda qatnashish huquqiga ega bo‘ldi.

Anjumanda nafaqat bolalar, balki ularning faoliyatlarini muvofiqlashtiruvchi tashkilotlar, murabbiylar, pedagoglar va davlat idoralari vakillari ham ishtirok etib, bolalarning taklif va tashabbuslarini tinglash, ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.

Bolalarning yetakchilik qobiliyati, tashabbuskorligi va ijtimoiy faolligini baholash, yurtimizdagi ko‘p millatlilik va bag‘rikenglik an’analarini targ‘ib qilish, bolalarning intellektual salohiyatini oshirish, ijodiy fikrlash qobiliyati, sahna mahoratlarini namoyon qilishi uchun zamin yaratish maqsadida “Eng namunali “Bolalar harakati” sardorlari” tanlovi, “Xalqlar do‘stligi kuni” festivali, “Zakovat” intellektual o‘yini hamda “Quvnoqlar va zukkolar” bellashuvi o‘tkazildi.

“Eng namunali "Bolalar harakati" sardorlari" respublika tanlovida mamlakatning barcha hududlaridan tashrif buyurgan har biri 14 nafardan iborat jamoalar ishtirok etishdi. Tanlovda ishtirokchilar 4 ta asosiy shart bo‘yicha o‘z bilim, iqtidor va yetakchilik qobiliyatlarini namoyon etishdi.

Bundan tashqari, har bir hudud sardorlari “Qadriyatlar, urf-odatlar, an’ana va bolalar” festival-ko‘rgazmalari hamda “Biz keldik” milliy fleshmoblar tanlovida ishtirok etishdi va bu orqali bolalarda milliy g‘oyaga sadoqat, madaniy merosga hurmat tuyg‘usi yanada mustahkamlandi. Bu kabi tanlovlar sardorlarda jamoa bilan ishlash, ijodkorlik, mas’uliyat va tashabbuskorlik qobiliyatlarini yuzaga chiqarishga xizmat qilmoqda. Ularda liderlik salohiyatini baholash, hududlararo hamkorlikni kuchaytirish, tajriba almashish imkoniyatlari yaratiladi.
Anjumanning muhim qismlaridan biri “Bo‘yinbog‘siz kun: rahbar va bolalar” uchrashuvi bo‘ldi. Uchrashuvda Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxonova hamda Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) Surayyo Rahmonova va boshqa tashkilot fidoyilari ishtirok etib, bolalarning fikr va takliflarini tingladilar.
Bolalar tomonidan taqdim etilgan 50 ga yaqin ijtimoiy, ekologik va ta’limga doir loyihalar muhim va amaliy yechimlarga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Bolalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita va ochiq javoblar oldilar. Bu esa ularning faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etadi.
Anjuman yakunida o‘tkazilgan tanlov va baholash natijalariga ko‘ra, hududlardan kelgan sardorlar jamoasi turli xil nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb topildi.
G‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi, ularning yutuqlari keng jamoatchilikka tanishtirildi. Bu kabi e’tiroflar bolalarning yanada faollashishiga turtki bo‘ldi.
O‘zbekiston bolalar tashkilotining 24-an’anaviy anjumani mamlakatimizda bolalarga qaratilgan e’tibor, ishonch va ularning imkoniyatlarini yuzaga chiqarishga bo‘lgan sa’y-harakatlarning yorqin namoyishi bo‘ldi. Bu kabi anjumanlar yosh avlodning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, ularning orzu-intilishlariga yo‘l ochish, ijtimoiy faolligini oshirishda beqiyos ahamiyatga egadir.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA