Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!
Bugungi kunda har qanday jamiyatning barqaror rivojlanishi, avvalo, undagi bolalarning huquqlari, manfaatlari va ijtimoiy himoyasini ta’minlash darajasiga bevosita bog‘liq. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasida bolalar farovonligini oshirish, ularning sog‘lom ulg‘ayishi, sifatli ta’lim olishi hamda ijtimoiy tenglik asosida kamol topishini ta’minlash yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda. Xususan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan bolalarning farovon hayotini ta’minlash va imkoniyati cheklangan bolalar uchun qulayliklar yaratish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning tegishli qaroriga asosan, 2025 yil 1 martdan boshlab tajriba-sinov tariqasida bosqichma-bosqich respublikaning 7 ta hududida 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati tashkil etilishi belgilangan. Ushbu parvarish xizmati Chinoz tumanining Yo‘l tushgan mahallasida joriy etilgan bo‘lib, bugungi kunda davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat olib bormoqda. Unga jalb etilgan bolalarning nutqi va harakatida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilib, ushbu parvarish xizmati bolalarning bosqichma-bosqich rivojlanishiga o‘z xissasini qo‘shmoqda.

Soha doirasida amalga oshirilgan yana bir yirik islohotlardan biri, 2025 yil 14 iyul kuni Vazirlar Mahkamasining 440-son qarori bilan muhim hujjat – “Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, xavf darajasini baholash, himoya rejasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning tasdiqlangani bo‘ldi.
Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni 27-moddasini amalda ta’minlash uchun muhim qadam bo‘ldi.
Agar bola zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki xavf ostida ekani aniqlansa, bu holat darhol maxsus xabarnoma orqali vakolatli organlarga yetkazilishi lozim. Xabarnoma kelib tushgach, har bir holat bo‘yicha bola xavf darajasi baholanadi. Shundan so‘ng, unga mos individual himoya rejasi ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi. Bu rejada bolaning xavfsizligi, psixologik holati, ijtimoiy himoyasi va ta’limga bo‘lgan huquqlari inobatga olinadi.
Mazkur jarayonda quyidagi idora va tashkilotlar o‘zaro hamkorlikda faoliyat olib boradi: ichki ishlar organlari, sog‘liqni saqlash tizimi, ta’lim muassasalari, mahalla fuqarolar yig‘ini, ijtimoiy xizmatlar markazlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar. Bu yondashuv har bir holatni e’tiborsiz qoldirmaslik, harakatlarni muvofiqlashtirish va bolaning har tomonlama himoyasini ta’minlashga qaratilgan.
“Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 47-moddasiga ko‘ra, yuqoridagi tartibga amal qilmaslik, xabar bermaslik yoki himoya chorasini ko‘rmaslik qonuniy javobgarlikka olib keladi.
Ushbu mexanizm bolalarni real himoya qilishga, har bir holatni e’tiborsiz qoldirmaslikka va institutlararo aniq hamkorikni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Ijtimoiy himoya tizimida nogironligi bo‘lgan bolalar bilan ishlash, ularning to‘laqonli hayotga qaytishi va oila muhitida tarbiyalanishini ta’minlash borasida ijobiy natijalarga erishilmoqda. Bu yo‘nalishda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
2025 yil boshidan buyon Qarshi shahrida joylashgan “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uyida tarbiyalanayotgan 21 nafar bola, shuningdek, kichik hajmli bolalar uyidan yana 1 nafar bola oila muhitiga qaytarildi. Bu tashabbus bolalarning tabiiy muhitda, yaqinlarining mehr-e’tibori bilan ulg‘ayishiga xizmat qilmoqda.
Har bir bolaning shaxsiy ehtiyojlarini inobatga olgan holda, ularni oilaga qaytarishdan avval chuqur o‘rganish ishlari olib borilib, psixologik holati, ijtimoiy moslashuv darajasi, tibbiy ehtiyojlari batafsil tahlil qilinadi. Har bir bola uchun alohida reja ishlab chiqilgan. Bu reja asosida bola oila bag‘riga qaytarilgandan keyin muammolar ham oldindan prognoz qilindi.
Davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ushbu qo‘llab-quvvatlovlar orqali nogironligi bo‘lgan bolalar ham to‘laqonli hayot kechirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Oila muhiti, mehr va e’tibor bolaning rivojlanishi uchun eng muhim ijtimoiy omil bo‘lib qoladi. Ijtimoiy himoya tizimidagi bunday tashabbuslar nafaqat bolalar, balki ularni bag‘riga olgan oilalar uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida bola huquqlari va manfaatlarini ta’minlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Ayniqsa, bolalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning sog‘lom rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va tarbiya olish huquqini ta’minlash hamda zo‘ravonlikdan himoyalash bo‘yicha so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar ijobiy samara bermoqda. Bu jarayonda Ijtimoiy himoya milliy agentligi muhim rol o‘ynamoqda. Agentlik tomonidan imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlash, ularni oila bag‘riga qaytarish, kunduzgi parvarish xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, har bir bolaning ehtiyojlarini aniqlab, unga individual yondashuv asosida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Qolaversa, bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat va nodavlat sektor o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish xususan, davlat-xususiy sheriklik asosidagi kunduzgi parvarish xizmatlari joriy etilishi ijtimoiy himoya tizimining yangi bosqichga o‘tayotganidan dalolat beradi. Bu tashabbus nafaqat bolalarning sog‘lom rivojlanishini, balki oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini ta’minlashga ham katta hissa qo‘shmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ular uchun xavfsiz va mehrli muhit yaratish – Ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyatining markazida turibdi. Bu yo‘nalishdagi izchil harakatlar orqali nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodning salomatligi, bilimdonligi va barkamolligi kafolatlanmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA