Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalarning bog‘chalarga qamrovi ko‘paymoqda
18:02 / 2021-08-10

Maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish orqali olis hududlarda ham zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari qad rostlamoqda. Natijada bolajonlarning bog‘chalarga qamrovi ko‘paymoqda.

Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanidagi Ravot, Xo‘jaqayron, Kasbi mahallalaridagi bolajonlar ham uzoq yillardan buyon maktabgacha ta’limdan bebahra qolib kelayotgan edi. Tadbirkor Charos Narzullayeva tashabbusi bilan Ravot mahallasi hududida “Kelajak yulduzlari” nomli, 110 o‘rinli barcha qulayliklarga ega davlat xususiy sherikchiligi asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qad rostladi.  

Muassasada bolajonlarning sifatli ta’lim olishi uchun yetarlicha shart-sharoit yaratilgan. Jumladan, ingliz, rus tillari hamda musiqani yaxshi o‘zlashtirish uchun qo‘shimcha to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.  

Ayni paytda bog‘chada 100 nafarga yaqin jajji kichkintoylar tajribali tarbiyachilar qo‘l ostida sifatli ta’lim olmoqda. Eng muhimi ushbu tashabbus ortidan bog‘chada 14 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Uzoqroq masofadan kelib qatnovchi bolajonlar uchun maxsus transport ham ajratilgan.

– Ilgari qishlog‘imizda bog‘cha yo‘q edi, – deydi Gulorom Muqimova. – Tuman markaziga farzandlarimizni olib borish uchun imkon bo‘lmasdi. Mahallamizda bog‘cha ochilgani biz ota-onalar uchun nihoyatda quvonarli voqea bo‘ldi. Endilikda bizning farzandlarimiz ham chet tillarini bog‘cha yoshidan boshlab o‘rganadi.  

Kasbi tumanida jami 17 ming 665 nafar bog‘cha yoshidagi bola mavjud bo‘lib, ularning 8 ming 780 nafari maktabgacha ta’limga qamrab olingan. Ya’ni bola qamrovi 49,7 foizni tashkil etmoqda. Ayni paytda tumanda jami 172 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. Tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi bergan ma’lumotga ko‘ra, yil oxiriga qadar bola qamrovini 60,8 foizga ko‘tarish mo‘ljallanmoqda.

O‘lmas Barotov, O‘zA