Zomin tumanida Bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tomonidan respublika komissiyasining 2025 yil 9 apreldagi 29-sonli bayoni bilan tasdiqlangan “Yangi O‘zbekiston oromgohlarida bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish masalalari bo‘yicha namunaviy 12 kunlik dasturi” mavzusida Jizzax va Sirdaryo viloyatlari oromgohlari rahbarlari, pedagog kadrlari va yetakchilar uchun o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida Bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti direktorining birinchi o‘rinbosari Xurshid Umarov, departamentning madaniy-ma’rifiy va sport ishlari bo‘yicha bo‘lim rahbari Tohir Abdurahmonov va boshqalar so‘zga chiqib, oromgohlarni mavsumga tayyorlash, bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga to‘xtaldi.
[gallery-23525]
2025 yil yoz mavsumi davomida Jizzax viloyatidagi jami 9 ta statsionar turidagi bolalar oromgohi faoliyat yuritishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu oromgohlarda jami 5 ming nafarga yaqin o‘quvchilarning dam olishi belgilangan. Shundan Bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tasarrufida bo‘lgan Sharof Rashidov tumanidagi “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Uobsoy qishlog‘ida yonma-yon joylashgan 100 o‘ringa moslashgan Sharof Rashidov nomli va 135 o‘rinli “Energy” hamda Zomin tumani Qo‘riq qishlog‘ida joylashgan 150 o‘rinli “Yulduzcha” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida jami 2 ming nafarga yaqin o‘quvchi o‘g‘il-qizlarning dam olishi rejalashtirilgan.
Jizzax viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda oliy ta’lim muassasalarining tajribali pedagog va faol talabalari, yozgi mavsumda oromgohlarda faoliyat yuritadigan tarbiyachi va yetakchi mutaxassislar tanlab olinib, saralangan nomzodlar respublika departamentiga taqdim etildi va ularning ro‘yxati tasdiqlandi.
Bolalarning yozgi ta’tilini xavfsiz, mazmunli va maroqli o‘tkazish uchun keng qamrovli aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilib, departament tasarrufidagi 3 ta oromgohda yoz mavsumiga tayyorgarlik ishlari yakuniga yetkazilganini ta’kidlash joiz.
– 2025 yilgi bolalarni yozgi dam olish mavsumini yuqori darajada tashkil etish bo‘yicha Prezidentimiz boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda barcha mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga aniq vazifa hamda topshiriqlar belgilab berilgan edi, – deydi Departamentning madaniy-ma’rifiy va sport ishlari bo‘yicha bo‘lim rahbari Tohir Abdurahmonov. – Shu bilan birgalikda Bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamentimiz oldiga Yangi O‘zbekiston bolalarining yozgi dam olishini mazmunli tashkil etish borasidagi ustuvor vazifalar qo‘yildi. Ana topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida bolalarning oromgohlarda o‘tkazilishi belgilangan 12 kunlik vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda tasdiqlangan jadval asosida o‘quv-seminarlar tashkil qilib boryapmiz.
O‘quvchilarimizning yozgi ta’tilini mazmunli o‘tkazish maqsadida Departamintimiz rahbar va xodimlari tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim vazirliklari bilan hamkorlikda 5 ta uslubiy qo‘llanma ishlab chiqqanmiz. Bugungi saralab olingan yetakchilarimizning har biri bilan suhbatlar o‘tkazdik, ana shu qo‘llanmalar asosida 12 kunda ular nimalar qilishi lozimliklarini amaliy mashg‘ulotlar, testlar, ma’ruzalar davomida uqtirildi.
Bu yil birinchi marotaba departamentimiz qoshidagi har bir oromgohda 6 ta klub faoliyat olib boradi. Bu klublar uchun 4 milliard so‘mlikdan ortiq mablag‘ sarf-xarajat qilinib, eng so‘nggi rusumdagi texnologiyalar olib berildi. Chunki bolajonlarimizni gadjet va telefonlardan, o‘ralashib qolgan qobig‘idan chiqarib, ijod qilishga, yaratishga undashimiz lozim.
Har bir oromgohda “karoke”lar ishlaydi. U yerda bolajonlarimiz yetakchilari bilan birga eng trendda bo‘lgan milliy qo‘shiqlarimizni ijro etishadi.
Avvalgidek iqtidori bo‘lgan 20-25 nafar bola tanlab olinib, o‘shalar bilan oromgohning ochilish yoki yopilish marosimiga tayyorgarlik ko‘rilmay, oromgohning bitta bosqichidagi 100 yoki 150 bolaning har biri bilan har kuni faol shug‘ullaniladi.
Bugungi, shijoatli, ko‘zlari yonib turgan yetakchilarimizning bilim va iqtidorlaridan kelib chiqib, Jizzax va sirdaryolik bolajonlarimiz yozgi ta’tillarini sog‘lomlashtirish oromgohlarida juda ham mazmunli va maroqli o‘tkazishadi degan umiddaman.
Darhaqiqat, yetakchi tarbiyachilar dam olish mavsumida 12 kun davomida kunu tun bolajonlar bilan birga bo‘lishadi. Bu yetakchilardan bolajonlarga ham ota, ham ona, ham aka-uka, ham opa-singil bo‘la olishi talab etiladi. 40 yillik stajga ega tajribali pedagog ham 40 daqiqali darsga juda puxta tayyorgarlik ko‘rib keladi. Oromgoh yetakchilari esa 12 kun davomida ular bilan nafaqat birga bo‘lishi, balki, bolajonlarimizni zeriktirmay, ularning ana shu 12 kunini shodu xurramlikda va albatta milliy an’nalarimizga sodiq qolgan holda o‘tkazishi lozim.
Tadbirda bugungi yetakchilar har bir bolaning har bir kuni, har bir soati, har bir daqiqasini mazmunli o‘tishini ta’minlay olishi lozimligi ta’kidlandi.
12 kun bir qaraganda juda qisqa fursat, lekin bolaning oilasidan ayro holdaligini hisobga olsak, juda katta muddat ham. Bola zerikishi, ota-onasini, aka-ukasini, opa-singlisini sog‘inishi, siqilishi va hatto yig‘lashi mumkin. Shunday vaziyatlarda yetakchi nima qilishi kerak? Ana shularning barchasi milliy urf-odat va an’analarimizga sodiq qolgan holda, inovatsion texnologiya va zamonaviy uslublarga tayangan holda bajarishlari lozim bo‘lgan vazifalar yetakchilarga amaliy o‘quv-seminarlar davomida o‘rgatildi, uqtirildi.
Zomin tumanidagi “Zomin” oromgohida tashkil etilgan tadbir davomida ishtirokchilar uchun interaktiv mashg‘ulotlar, treninglar va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan faol formatdagi mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Ushbu vazifalar ijrosi to‘liq ta’minlansa, Yangi O‘zbekiston bolalarining yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlaridagi har bir kuni mazmunli va maroqli o‘tishiga ishonchimiz komil.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/dyAN8cW6yYo?si=C4IXVV4ixRngXIFh" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Qayumov, J.Yorbekov (video,surat), O‘zA muxbirlari