Bola huquqlari va manfaatlarini ta’minlash, ularni turli ko‘rinishdagi zo‘ravonliklardan himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Ayniqsa, sog‘lig‘ida nuqsoni bo‘lgan bolalar bilan ishlashda ilmiy asoslangan, ixtisoslashtirilgan va bolaga zarar yetkazmaydigan usullardan foydalanish muhim hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan va o‘zini defektolog-psixolog deb tanishtirgan ayolning bolalarni ruhiy va jismoniy bosim ostida "davolayotgani" tasvirlangan holat Bolalar ombudsmani e’tiboridan chetda qolmadi. Ushbu holat yuzasidan Bolalar ombudsmani 2024 yil oxiri va 2025 yil yanvar oyida o‘rganish ishlarini olib borgan.
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini defektolog-psixolog deb tanishtirgan D.J. ismli shaxsning duduqlanishi bo‘lgan bolalarni so‘kinish va qo‘rqitish orqali “davolayotgani” aks etgan videoxabar keng jamoatchilikning e’tiroziga sabab bo‘lgan edi.
Bolalar ombudsmani tomonidan mazkur holatni o‘rganishga kirishilib, D.J.ning faoliyatiga ilmiy va kasbiy baho berish maqsadida malakali defektolog hamda logopedlardan iborat ishchi guruh shakllantirilgan. O‘tkazilgan o‘rganish natijasida D.J.ning ishlatgan uslublari ilmiy asosdan yiroq, murakkab duduqlanish muammosiga yuzaki va ibtidoiy yondashgan holda baholangan.
Eng achinarlisi shundaki, D.J.ning duduqlanishni bartaraf etishda ruhiy va jismoniy bosim, zo‘ravonlik elementlariga asoslangan usullari bolalarning sog‘lig‘i va tarbiyasiga jiddiy zarar yetkazishi aniqlangan. Bu holat pedagogik qoidalarga butunlay zid deb topilgan.
Shundan so‘ng, Bolalar ombudsmani tomonidan prokuratura organlariga holatga huquqiy baho berish to‘g‘risida so‘rov kiritilib, D.J.ga nisbatan jinoyat ishi yurituvi boshlangan.
Biroq oradan ma’lum vaqt o‘tgach, D.J. yana duduqlanishi bo‘lgan bolalar bilan ilmiy asosga ega bo‘lmagan, defektologiyaga daxli bo‘lmagan amaliyotlarini yana davom ettirgani aniqlangan. Bunga javoban, 2025 yilning 2 iyun kuni Bolalar ombudsmani Bosh prokuraturaga tegishli so‘rov yuboradi.
25 iyun kuni Toshkent shahar Yunusobod tuman prokuraturasi tomonidan joriy yil 17 aprelda chiqarilgan ilgarigi jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi qaror bekor qilinadi va ish hujjatlari tergov harakatlarini olib borish uchun Yunusobod tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limiga yuborildi.
4 iyul kuni D.J.ning bola manfaatlariga zid harakatlari yuzasidan rasmiy ravishda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bolalar ombudsmani esa bola manfaatlarini himoya qilish nuqtai nazaridan ushbu ish yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettirib, holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etilishini ma’lum qilgan.
P/S: Mazkur holat o‘z navbatida bolalarning sog‘lig‘i, psixologik holati va huquqlari bilan bog‘liq masalalarga befarqlik bilan yondashib bo‘lmasligini yana bir bor ko‘rsatmoqda. O‘zini mutaxassis sifatida ko‘rsatgan, ammo ilmiy asosdan yiroq va bolalarga zarar yetkazadigan shaxslar faoliyatiga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi, bu yo‘nalishda tizimli nazorat kuchaytirilishi zarur. Bolalar ombudsmani ushbu tergov jarayonini bola manfaatlarini to‘liq himoya qilish nuqtai nazaridan monitoring qilib boradi. Jamoatchilik esa bolalarning ruhiy va jismoniy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan shaxslar faoliyatiga nisbatan hushyor bo‘lishi, shubhali holatlar yuzasidan mutasaddi idoralarga murojaat etishi lozim.
M.Eshmirzayeva, O‘zA