Xorazmda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan bolalar orasida samarali ovqatlanish bo‘yicha “Qadamlarimiz” loyihasiga start berildi.
Endilikda viloyatda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning tavsiyalari asosida maktablar va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Qadamlarimiz” sog‘lom ovqatlanish loyihasi amalga oshiriladi.
Urganch shahridagi ixisoslashtirilgan maktabda Urganch shahar tibbiyot birlashmasi bilan hamkorlikda loyiha taqdimoti o‘tkazildi.
[gallery-26215]
Unda shahardagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamshiralari, maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi. Yig‘ilganlarga Xorazm viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh hamshirasi Bikajon Matjonova loyihaning maqsadlari va kutilayotgan natijalar haqida gapirib berdi.
— Bu loyiha viloyatimizda bolalar orasida sog‘lom ovqatlanish madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan, — dedi B.Matjonova. —Asosiy maqsadimiz maktab va maktabgacha ta’lim muassasalaridagi bolalarni to‘g‘ri ovqatlanish odatlariga o‘rgatish, ularda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishdir. Bolalik davri inson hayotidagi eng mas’uliyatli bosqich. Bu vaqtda tananing o‘sishi va rivojlanishi uchun to‘g‘ri ovqatlanish juda muhim. Agar bola sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlansa, uning ta’limdagi faolligi, diqqat markazlashuvi va umumiy salomatligi yaxshilanadi. Shu bois biz aynan bolalarga yo‘naltirilgan loyiha boshladik.
Urganch shahar tibbiyot birlashmasi hamshiralari “Energiya manbai uchun uglevodlar, lipidlar”, “Tananing holatini yaxshilash uchun vitaminlar”, “Tanani hosil qilish uchun oqsillar, kalsiy” mavzularida ko‘rgazmali taqdimot qildilar.
Taqdimot o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi va hamshiralarga juda ko‘plab savollar berildi.
Hamshiralarga o‘zlari faoliyat yuritadigan muassasalarda ham shunday taqdimotlar o‘tkazish, bolalar orasida sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qilish tavsiya etildi. Shuningdek, bunday taqdimotlarni muntazam o‘tkazishga kelishib olindi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari