Bolalarni maktablarga qabul qilish qay darajada amalga oshirilmoqda?
Joriy yil 20-iyundan boshlab 2019/2020 oʻquv yili uchun bolalarni davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga asosiy kvota boʻyicha Davlat xizmatlari markazlari orqali yoʻllanmalar rasmiylashtirilishi amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-dekabrdagi“Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda 2018-yil 5-sentyabrdagi“Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonlariga muvofiq bolalarni davlat umumtaʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida 2019-yil 7-iyunda Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab bolalarni umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga qabul qilish jarayonini Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bosqichma-bosqich amalga oshirish haqidagi taklifi maʼqullandi.
Bolalarni davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti hamda 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab bolalarni umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga qabul qilish jarayoni Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladigan umumiy oʻrta taʼlim muassasalari roʻyxati tasdiqlandi. Unga koʻra roʻyxatga kiritilgan Toshkent shahridagi 81 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 1-sinfiga yoʻllanmalarni Davlat xizmatlari markazlari orqali rasmiylashtirilishi joriy etildi.
Joriy yil 20-iyundan boshlab 2019/2020 oʻquv yili uchun bolalarni davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga asosiy kvota boʻyicha Davlat xizmatlari markazlari orqali yoʻllanmalar rasmiylashtirilishi amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanida 34 ta Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari mavjud boʻlib, tuman Davlat xizmatlari markazi tomonidan 344 nafar bolaga roʻyxatga kirgan 10ta maktabga 1-sinfga oʻqishga borishi uchun yoʻllanmalar rasmiylashtirildi.
Yoʻllanma olgan fuqarolar yoʻllanma olingan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida (yoʻllanma bilan birga) umumtaʼlim muassasasiga bolaning sogʻligʻi toʻgʻrisida tibbiy maʼlumotnoma, bolaning 3,5 x 4,5 sm oʻlchamli 4 dona rangli fotosurati, ariza beruvchining pasporti nusxasi, bolaning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasini topshirishi talab etiladi.
Yana shuni taʼkidlash kerakki, reglamentga binoan umumtaʼlim maktablari asosiy kvota doirasida toʻliq qamrab olingandan soʻng boʻsh oʻrinlar qoʻshimcha kvota asosida toʻldirilishi, bolalarni umumtaʼlim muassasalariga Davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP orqali qabul qilish bilan bogʻliq murojaatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasida tashkil etilgan muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh tomonidan koʻrib chiqilishi belgilangan.
Diyor ABIDOV
Mirzo Ulugʻbek tuman Davlat xizmatlari markazi direktori