Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalarni maktabgacha tayyorgarlikka jalb etish qamrovi ortmoqda
16:48 / 2019-02-26

Mamlakatimizda maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatini tubdan yaxshilash, maktabgacha yoshdagi bolalar qamrovini oshirish, bolalarning qiziqish va intilishini hisobga olgan holda ularga maktabgacha boʻlgan davrda har tomonlama puxta taʼlim-tarbiya berish, dunyoqarashini kengaytirish, mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.


Mamlakatimizda maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatini tubdan yaxshilash, maktabgacha yoshdagi bolalar qamrovini oshirish, bolalarning qiziqish va intilishini hisobga olgan holda ularga maktabgacha boʻlgan davrda har tomonlama puxta taʼlim-tarbiya berish, dunyoqarashini kengaytirish, mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Hududlardagi maktabgacha taʼlim muassasalariga bolalarni qamrab olishni keskin oshirish, taʼlim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy taʼlim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish orqali bolalarni har tomonlama maktabga tayyorlash sifati yaxshilanmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 8 dekabrdagi “Bolalarni boshlangʻich taʼlimga majburiy bir yillik tayyorlashga bosqichma-bosqich oʻtish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal vazifasini bajarmoqda.

photo5451941588038167047.jpg

Mazkur hujjatga koʻra, bolalarni boshlangʻich taʼlimga majburiy bir yillik tayyorlashni joriy etish boʻyicha tajriba loyihasi amalga oshiriladigan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Fargʻona viloyati tumanlari (shaharlari) va Toshkent shahri tumanlarida bu boradagi ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda. Poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 50 dan ziyod maktabgacha taʼlim muassasasidan 20 ga yaqinida xuddi shunday bolalarni maktabga bepul majburiy bir yillik tayyorlov guruhlari tashkil etilgan.

399-maktabgacha taʼlim muassasasida joriy yil boshidan hududdagi “Farhod” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qilayotgan, maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinmagan 5 yoshu 6 oyga toʻlgan 22 nafar bola bepul majburiy bir yillik tayyorlov guruhiga jalb qilindi.

– Hozirgacha ayrim kam taʼminlangan oilalar moddiy qiyinchilik tufayli bolasini uy sharoitida olib qolmoqda, – deydi 399-maktabgacha taʼlim muassasasi mudirasi Gulparchin Uzoqberganova. – Shuni inobatga olib yangi tashkil qilingan boshlangʻich taʼlimga majburiy bir yillik tayyorlash bepul qilib belgilandi. Aslida maktabda oʻtiladigan fanlarni oʻqishga tayyor boʻlmagan bola sinfdagi boshqa tengdoshlariga nisbatan oʻzini bilimsiz his qiladi. Natijada uning oʻqishga boʻlgan ishtiyoqi pasayadi. Shuning uchun ham tarbiyalanuvchilarni boshlangʻich taʼlimga tayyorlashda “Ilk qadam” dasturi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu maskanda haftasiga 15 soat alohida mashgʻulotlar oʻtkazilmoqda. Oʻtgan vaqt davomida tayyorlash guruhidagi bolalar dunyoqarashida ancha oʻzgarish boʻldi. Yakunda bolalarga boshlangʻich taʼlimning majburiy yillik tayyorlovidan oʻtgani haqida davlat namunasidagi maxsus sertifikat beriladi.

photo5451639209455626820.jpg

Mashgʻulotlar “Til va nutq”, “Qurilish va konstruksiyalash”, “Tasviriy faoliyat”, “Ilm-fan, tabiat” kabi markazlarda ixtiyoriy shaklda oʻtkaziladi. Mazkur guruhda oʻquv tarbiya jarayonini tashkil qilish uchun oʻquv-metodik materiallar va kerakli adabiyot, rivojlantiruvchi oʻyinlar va oʻyinchoqlar, bolalar va sport inventarlari bilan jihozlangan alohida xona ajratildi. Ota-onalar muassasada tashkil etilgan tayyorlov guruhi faoliyatidan mamnun. Maktabgacha tayyorgarlik bolalarning soʻz boyligini oshirib, dunyoqarashini kengaytiradi. Shuningdek, bolajonlarga harflar, raqamlar va ona tabiat haqidagi asosiy tushunchalar xususida dastlabki bilimlar berib boradi. Natijada bolalar maktab dasturini oson oʻzlashtiradi.

– Kundalik oilaviy yumushlardan ortib qizimga alohida vaqt ajratolmayotgan edim, – deydi hududda yashovchi Aslida Egamberdiyeva. – Tayyorlov guruhida ilk darslar boshlangandan buyon farzandimning bilim olishga boʻlgan ishtiyoqi, qiziqishi koʻrina boshladi. Avvallari bunga unchalik eʼtibor bermagan ekanman. U endi har kunlik mashgʻulotlardan soʻng oʻzi oʻrgangan sheʼrlar, olgan bilimlarini bizga aytib beradi. Davlatimiz tomonidan tashkil etilgan ushbu tizim biz kabi oilalarga ancha yengillik berayotganidan xursandman.

Ayni paytda mazkur maktabgacha taʼlim muassasasida tashkil etilgan 12 guruhda 3-7 yoshgacha 321 nafar bola tarbiyalanadi. Shuningdek, 54 nafar ishchi, tarbiyachi va rus tili oʻqituvchilari oʻz faoliyatini olib bormoqda. Jismoniy tarbiya, rasm chizish, musiqa toʻgaraklari muntazam ravishda oʻtkaziladi. Endilikda ota-onalar taklifi bilan mazkur maktabgacha taʼlim muassasasi qoshida ingliz tili va raqs toʻgaragini ochish ham rejalashtirilgan.