Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi oshiriladi
16:50 / 2025-02-16

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “2025-2026 yillarda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq: 

2025-2026 yillarda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi; 

2025-2026 yillarda 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishning maqsadli ko‘rsatkichlari; 

Jahon bankining “Bolalarning erta yoshdan rivojlanishiga ko‘maklashish” loyihasi doirasida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining o‘yin maydonchalari va tayyorlov guruhlarini stol-stullar bilan jihozlash bo‘yicha ko‘rsatkichlar tasdiqlandi. 

Qarorga muvofiq: 

aholining yashash darajasi va to‘lov qobiliyati yuqori bo‘lgan (kambag‘al oilalar kam bo‘lgan) mahallalarda davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari; 

olis va chekka (tuman va shaharlar markazida joylashmagan) mahallalarda oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari; 

aholining to‘lov qobiliyati past (kambag‘al oilalar nisbatan ko‘p bo‘lgan) hamda demografik o‘sish darajasi yuqori bo‘lgan mahallalarda davlat, shuningdek, xalqaro moliya institutlari kredit va grantlari hisobidan davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari; 

ijtimoiy soha muassasalarining bo‘sh binolarida qisqa muddatli guruhlar tashkil etiladi. 

Ma’lumot uchun. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 23 sentyabrdagi PQ-330-son qaroriga muvofiq 2025 yil yakuniga qadar respublikadagi kambag‘al oilalarning 3-7 yoshli bolalarini maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 80 foizga yetkazish belgilangan edi.

O‘zA