Bugungi kunda maxsus ehtiyojga ega bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar o‘zining samarali natijasini bermoqda. Jumladan, Ohangaron shahar 7-sonli alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabda ham bu borada amaliy ishlar bajarilmoqda.
Mazkur ta’lim muassasasida sifatli va zamonaviy sharoitda ta’lim berishga qaratilgan sinf xonalari, sport maydonchalari va boshqa xizmat xonalari zamonaviy talablar asosida moslashtirilgan. 2025–2026 o‘quv yilida maktabda jami 143 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda, shulardan 41 nafari uyda yakka tartibda o‘qitiladi.

O‘tgan o‘quv yilida 13 nafar o‘quvchi inklyuziv ta’limga chiqarilgan bo‘lsa, 2025–2026 o‘quv yilida 8 nafar o‘quvchining inklyuziv ta’limga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Bu bolalarning jamiyat hayotiga faol integratsiyasini ta’minlaydi.
Shu bilan birga, 9-sinf bitiruvchilari soni 17 nafar, shulardan 13 nafari kasb-hunar kollejlariga yo‘naltiriladi. Qolgan 4 nafar bitiruvchilarning bandligi va turmush sharoitini yaxshilashga doimiy e’tibor qaratiladi. Shu orqali har bir o‘quvchining kelajakdagi imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
Maktabda yo‘lga qo‘yilgan “Skil-Start” – tikuvchilik kasbini o‘rgatish, “LOGO-PROFI” – logopedlik faoliyat, “Ishonch maskani” – psixologik-pedagogik xizmat, shuningdek, “Ergoterapiya”, “Fizioterapiya”, “Raqsli terapiya”, “LOGO-RITMIKA” kabi loyihalar bolalarning jismoniy, kasbiy va ruhiy rivojiga xizmat qilmoqda.

– 6-sinfda o‘qiyman. Ikkita ukam bor, – deydi Nurdavlat Mavlonov. –Rasmlar chizishga va kiyimlar tikishga qiziqaman. Maktabimizda tashkil etilgan tikuvchilik to‘garagida choyshablar tikib, daromad topyapman. Ota-onam qo‘limdan ish kelib qolganini ko‘rib juda quvonadi. Ayniqsa, onamning quvonch ko‘z yoshlari meni yanada mas’uliyat bilan o‘qishga undaydi. Ustozlarimga rahmat aytaman.
Maktabdagi loyihalar orqali bolalar kasb o‘rganib, daromad topmoqda. Bu nafaqat ularning shaxsiy rivojlanishiga, balki oilalar farovonligini oshirishga va inklyuziv ta’limning rivojlantirishga xizmat qiladi.

A.Musayev, O‘zA.