Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalarni ijtimoiy tarmoqlardagi xavflardan qanday himoya qilish mumkin?
18:17 / 2026-02-09

Texnologiyalar asrida yashayapmiz. Telefon, smartfon, AI va gadjetlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Ayniqsa, bugungi kunda telefon nafaqat kattalar, balki bolalar uchun ham eng muhim vositaga aylangan.

To‘g‘ri, farzandlarimizning ta’lim olishi, nimalarnidir o‘rganishi uchun bunday texnikalar kerak, biroq ulardan boshqa maqsadlarda foydalanmasligi, taqiqlangan videolavhalarni ko‘rmasligiga hech  kim kafolat bera olmaydi. Ko‘plab ota-onalarni xavortirga soladigan jihat ham ayni shu. 

Ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim videolar, turli o‘yin va vaynlar nafaqat bolaning tarbiyasiga, balki uning ruhiyatiga, ichki dunyosiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida mutaxassislar bot-bot ta’kidlab keladi.

Darhaqiqat, bu jiddiy masala. Nazorat qilib, taqiqlabgina bunga chek qo‘yib bo‘lmaydi. Chunki har doim bolalarni nazoratda ushlash imkonsiz. Shundan kelib chiqib, ko‘pgina davlatlar o‘smirlar, bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni cheklash kerak, degan xulosaga kelmoqda.

Ekspertlar cheklovlarni qo‘llashga jiddiy sabablar borligini ko‘rsatishdi. Xorijda o‘tkazilgan bir qancha tadqiqotlar, so‘rovlar natijasida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning qator zararli tomonlari ochib berildi. AQSHdagi tadqiqotga ko‘ra, kuniga 3 soatdan ortiq ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadigan 13–17 yoshdagilar ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolarga (depressiya, xavotir) ikki barobar ko‘proq duch kelishi ma’lum bo‘ldi. Boshqa tadqiqotlarda natijasi esa bundanda qo‘rqinchli. Foydalanuvchi o‘smirda ijtimoiy tarmoqlar psixologik zo‘riqish, o‘zini past baholash va hatto o‘z joniga qasd qilish fikrlarini keltirib chiqarishi mumkin. 

Bundan tashqari, bolalarning ko‘p vaqt ekranga qarashi (ayniqsa, uyqudan oldin) uyqu sifatini yomonlashtiradi. Chunki bu miyani doimiy stimulyatsiya qiladi va u dam olishga imkon bermaydi. Bu holat tibbiyot tomonidan tasdiqlangan. 

Niderlandiya rasmiylari kelajak avlodni raqamli dunyo ta’siridan himoya qilish maqsadida15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarga “Tik Tok”, “Instagram” kabi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlagan. Buyuk Britaniya hukumati bolalar va o‘smirlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash bo‘yicha maslahatlashuv o‘tkazib, maktablarda smartfonlardan foydalanishni taqiqlashni kuchaytirdi.

Avstraliya 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlagan dunyoda birinchi mamlakat bo‘ldi. O‘lka parlamenti tomonidan 2024 yil noyabr oyida qabul qilingan qonun 2025 yil 10 dekabrda kuchga kirdi. Qonun ijtimoiy tarmoq operatorlarini yoshni tekshirish tizimini joriy qilishga, 16 yoshdan kichik foydalanuvchilarning akkauntlarini bloklashga majbur qildi.

Qo‘shma Shtatlarning Florida shtatida 16 yoshga to‘lmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlovchi qonun o‘tgan yil 1 yanvardan kuchga kirgan. Butun dunyoni smartfonlar va boshqa aqlli texnologiyalar bilan ta’minlayotgan Xitoy esa bolalarga kuniga 1 soatdan ko‘p o‘yin o‘ynamaslik cheklovini qo‘ygan. Malayziya hukumati ham bu bo‘yicha qonun loyihasini 2025 yil noyabr oyida e’lon qildi. 

Daniya hukumati 15 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarga kirishni taqiqlashni ko‘rib chiqmoqda. Shuningdek, Fransiyada 15 yoshdan kichiklar ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishi uchun ota-ona roziligi talab qilinadigan tartib mavjud edi. Endi esa mamlakat 2026 yilning 1 sentyabridan boshlab 15 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni butkul cheklashni reja qilgan. 

Markaziy Osiyo davlatlari orasida ham bu kabi cheklovlar bo‘yicha qadamlar tashlanyapti. Jumladan, qo‘shni Qozig‘istonda 16 yoshdan kichik foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoq va ba’zi platformalarda ro‘yxatdan o‘tishini cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgan.

Yurtimizda ham ayni masala bo‘yicha mutaxassislar, ekspertlar, psixolog va olimlar tomonidan qator tashabbus va fikrlar o‘rtaga tashlanmoqda. Masalan, 2025 yil 31 iyulda Oliy Majlis Senatida voyaga yetmaganlarga nisbatan Internet tarmog‘ida sodir etilayotgan huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni takomillashtirish masalalari muhokama qilingan. 

Psixologlar avvalo, ota-onalarning o‘zi ijtimoiy tarmoqlardan tartibli foydalanishni o‘rganishlari kerakligini ta’kidlashmoqda. Voyaga yetmagan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarning taqiqlanishi sabablaridan biri sifatida hali ularda o‘zlari qabul qilayotgan axborotni tanqidiy, tahliliy jihatdan ko‘rib chiqib, saralay olish ko‘nikmasining yo‘qligini ham keltirish mumkin. Ba’zi mamlakatlar bolalarda ushbu ko‘nikmani hosil qilish maqsadida maktablarda “Media savodxonlik” darslarini joriy qilgan. Finlyandiya va Kanada kabi davlatlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Ijtimoiy tarmoqlar keng imkoniyat, qulaylik ko‘ringani bilan uning salbiy jihatlarini ham unutmaslik lozim. Bu jihatlar kelajak avlodimizning ma’naviyati, ruhiyati, ertangi hayotiga jiddiy xavf tug‘dirar ekan, o‘smir farzandlarimizga undan foydalanishni taqiqlash, cheklov tizimini ishga tushirish ayni muddao bo‘ladi. Zero, ertangi kunimiz egalari bo‘lgan yoshlarimizning kamolotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan har bir narsa e’tibor markazimizda bo‘lishi kerak.

Go‘zal Sattorova, O‘zA