Qibray tumanida OAV xodimlari uchun hududdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari bolalarga yaratilgan sharoitlar, ta’lim-tarbiya jarayonlari bilan yaqindan tanishish maqsadida press-tur o‘tkazildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, tuman hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda jurnalistlarga joylardagi davlat, xususiy va oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining faoliyati ko‘rsatildi. Hozir Qibray tumanida faoliyat yuritib kelayotgan 103 ta bog‘chada 9 ming 410 nafar bola ta’lim-tarbiya olmoqda. Hudud bo‘yicha jami 3 yoshdan 7 yoshgacha 12 ming 352 nafar bolalar mavjud.
Press-tur ishtirokchilari dastlab “Namuna baby” xususiy nodavlat MTT bo‘ldi. 2023 yilda faoliyati boshlagan mazkur bog‘chada hozirgi kunda 150 nafar bola tarbiyalanmoqda.
– Bog‘chamizda 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar qamrab olingan, – deydi “Namuna baby” xususiy nodavlat MTT direktori Umida Mirahmedova. – Jami 30 nafardan ortiq xodim, shundan 20 nafari oliy ma’lumotli pedagog faoliyat yuritmoqda. Ular maxsus ta’lim dasturlari asosida saralab olingan. E’tiborlisi, “Temir daftar”, “Ayollar daftarida” ro‘yxatda turuvchi oilalarning farzandlari ham qamrab olingan.
[gallery-20856]
Ikki qavatli zamonaviy qilib jihozlangan muassasada o‘g‘il-qizlar uchun barcha sharoit hozirlangan. Xususan, bolajonlar uchun savodxonlik va mashg‘ulot xonalari, sport va o‘yin maydonchalari, oshxona, yotoqxona va sanitariya tarmog‘i, issiqlik tizimi belgilangan tartibda jihozlangan. Bu yerda mutaxassislar bolalarga o‘zbek, ingliz va rus tillarida ta’lim-tarbiya beradi.
Ayniqsa, 6-7 yoshdagi bolalar maktabga tayyorlov guruhida ilk bilimlarini mustahkamlamoqda. Malakali xodimlar maxsus ta’lim dasturlari asosida saralab olingan. Ularning barchasi oliy ma’lumotli mutaxassislar. Sport mashg‘ulotlari va turli to‘garaklar muntazam ravishda belgilangan tartibda tashkil etilgan. Buning uchun har bir guruhga ikki nafardan mutaxassis biriktirilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 2018 yil bu hududda 1 xususiy bog‘cha faoliyat yuritgan bo‘lsa, hozir ularning soni 16 taga yetdi. Muhimi, tumanda bolalarni bog‘chaga qamrovini oshirish bo‘yicha xususiy sektor bilan hamkorlikda ishni tashkil etish va sifatli ta’lim tizimini ommalashtirish ishlari ancha rivojlangan.
Press-tur ishtirokchilari 2019 yilda qayta rekonstruksiya qilingan 300 o‘ringa mo‘ljallangan 20-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasida ham bo‘ldi. Hozir bog‘chada muqobil ta’lim turi bilan majburiy bepul tayyorlov guruhlari mavjud. Shuningdek, bog‘cha o‘yinchoqlar to‘plamlari, mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun zarur ko‘rgazma, tarqatma materiallar, ertak kitoblari, zamonaviy mebel jihozlari, maishiy texnika, oshxona jihozlari bilan ta’minlangan.
Shundan so‘ng OAV xodimlari Yangiobod mahallasida joylashgan tadbirkor Mavluda Latipova xonadonida tashkil etilgan, oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan ham tanishdi. Maskanda 26 nafar bolalar ta’lim-tarbiya olib kelmoqda. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.
A.Musayev,O‘zA.