Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalarimizni bu illatdan asrash uchun hammamiz hushyor bo‘lishimiz kerak
19:39 / 2022-05-31

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, «Ibn Sino» jamoat fondi hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tashabbusi bilan «Tamaki – ona-tabiatimizga tahdid ” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2021 yil 21 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi qonunining qabul qilinishi hamda atrof-muhitni tamakidan himoya qilish masalalariga qaratildi.

— O‘tgan yili qonun tashabbuskorlari bizga ushbu qonun ustida ishlab chiqish taklifini berishganida judayam ko‘p faktlarga asoslandik. Tortishuvlarga sabab bo‘ldi. Jamoatchilik o‘rtasida keng muhokama qilindi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi Qizilgul Qosimova. — Ushbu qonun farzandlarimizni tamaki va nikotinli mahsulotlar iste’mol qilishdan himoya qilish, tamaki mahsulotlari iste’mol qilish darajasini qisqartirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklardan barvaqt o‘limni kamaytirish imkonini beradi.

Ta’kidlash joizki, tamakidan voz kechish borasida erishilgan salmoqli yutuqlarga qaramay, aksariyat mamlakatlar uchun bu strategik ustuvorlik bo‘lib qolmoqda. 2019 yilda taxminan 8,7 million nafar odam tamaki chekish, ikkilamchi tamaki tutuni ta’siri yoki tutunsiz tamaki iste’mol qilish oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Bu butun dunyo bo‘yicha o‘lim holatlarining 15,4 foizi bo‘lib, o‘n yil avvalgi 15 foizlik ko‘rsatkichdan biroz yuqoridir.

— Bugun ko‘pchilik odamlar qarshisida turgan muammoni «menga tegishli emas», deb hisoblaydi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi matbuot kotibi Dilbar Siddiqova. — Muammo mavjudmi, u sizga ham, menga ham, do‘kondorga ham tegishli. Tamaki mahsulotlarini voyaga yetmagan bolalarga sotayotgan tamakifurush sotuvchilar ertaga uning domiga o‘zining farzandi, nabirasi, yaqin insoni tushib qolishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rmaydi.

Biz agentlik tomonidan o‘tkazilgan nazoratlarda qatnashgan paytimiz ichki ishlar xodimlari tamaki chekishga ruju qo‘ygan bolalarni olib kelishdi. Ularning aksariyatini ota-onasi ziyoli. Chilonzor tumanidagi reydda farzandimdan voz kechaman, deb yozib beraman, degan otaga o‘zim guvoh bo‘ldim. Nimaga, chunki bolaning tamaki va alkogol ichimliklarga qaramligi shunchalar kuchliki, har qancha e’tibor qilishmasin, farzandini uning domidan olib chiqib ketolmayapti. Demak, bolalarimizni bu illatdan asrash uchun hammamiz birdek hushyor bo‘lishimiz kerak.

Tadbir nihoyasida yurtimizda tamaki iste’mol qilinishini qisqartirish nafaqat salomatlik bilan bog‘liq maqsadlar uchun, balki barqaror rivojlanish sohasidagi barcha maqsadlar uchun muhim dastak bo‘lishi kerakligi alohida ta’kidlandi.

Nigora Rahmonova, O‘zA