Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalarimiz salomatligi barchamiz uchun bebaho ne’mat
11:53 / 2022-06-01

1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni

Jajji o‘g‘il-qizlarimizning birgina shirin tabassumi uchun butun borlig‘imizni baxshida etishga tayyor xalqmiz. Ularning salomatligi esa barchamiz uchun bebaho ne’mat. 

Bugun yurtdoshlarimizga xos ana shu bolajonlik fazilati davlatimizning yosh avlodga doir siyosatiga ham to‘la-to‘kis ko‘chgan. Xususan, ertamiz egalari salomatligi alohida e’tiborda. Go‘daklarni hali ona vujudida ekanligidayoq shifokorlar nazoratiga olish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ularning to‘rt muchasi sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinyapti. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir yurtimizda 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar soni 12 million nafarga yaqin. 235 ta bolalar statsionari ular salomatligini ta’minlash uchun mas’ul. Shundan 23 tasi respublika, 212 tasi viloyat, tuman va shahar darajasidagi tibbiyot muassasalaridir.

Bundan tashqari, poytaxtimizda Koreya Respublikasi iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik fondi (EDCF) ishtirokida qurilib, zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan Bolalar milliy tibbiyot markazidagi shart-sharoitlarga qo‘shni davlatlar aholisi ham havas bilan qaraydi.  

Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan “2022-2026 yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori sohadagi imkoniyatlarni yanada kengaytirmoqda. 

Hujjatga muvofiq, endi shu yil 1 maydan tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari va Toshkent shahar oilaviy poliklinikalarida bolalar bo‘limlari tashkil etilib, ular tarkibida pediatriya yo‘nalishidagi barcha mutaxassislar faoliyat yuritadi. 

Qolaversa, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida bolalar anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limlari hamda tunu-kun shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatuvchi pediatriya postlari tashkil etilishi ham bolalar salomatligi hamda hayotini asrash borasida muhim qadamdir.  

O‘z navbatida, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida jajji bemorlarda irsiy-genetik, shu jumladan, orfan kasalliklarni erta tashxislash bo‘yicha Referens laboratoriya va hududlarda uning 17 ta mintaqaviy laboratoriyasi  ish boshlaydi.

Respublika perinatal markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar perinatal markazlari va bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida jami 29 ta shoshilinch perinatal hamda shoshilinch pediatrik mobil navbatchi reanimatsiya brigadalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.  

Bundan tashqari, chaqaloqlarda audioskrining tadbirlarini  o‘tkazish orqali ularning eshitishdagi nuqsonlarini erta aniqlash, bu kasallik mavjud bo‘lgan bolalarda davolash jarayonini erta boshlash tajribasi butun mamlakatimiz bo‘ylab tatbiq etiladi. 

Albatta, bulardan ko‘zlangan pirovard maqsad bitta: O‘zbekistonni to‘laqonli baxtiyor bolalar mamakatiga aylantirish! 

M.Qosimova, O‘zA