Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi. Jumladan, «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.
Shundan so‘ng, «Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
— Mamlakatimizda xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning institutsional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish, xotin-qizlar va voyaga yetmagan bolalarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, — dedi qonun loyihasi bo‘yicha ma’ruza qilgan adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov. — Shunga qaramay, xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida huquqni qo‘llash amaliyotida ko‘plab muammolar yuzaga kelmoqda. Xususan, xotin-qizlar va bolalarning huquqlariga daxl qiluvchi jinoiy qilmishlar uchun mutanosib sanksiyalar belgilanmagan, shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha’ni va nomusini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilmagan. Ayollarni ish va o‘qish joyida tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha kafolat ham qonunchilikda mavjud emas.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan jabrlanuvchining nomusiga tegish yoki unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirgan yoxud uni jinsiy aloqa qilishga majbur etgan yoki fohishalikka jalb qilgan, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan pornografik mahsulotni tayyorlagan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda. Shuningdek, ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash, nomusga tegish yoxud jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish, shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish, o‘n olti yoshga to‘lmaganga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish jinoyatlari uchun jazo choralari og‘irlashtirilmoqda.

Shuningdek, shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha’ni va nomusini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Bu kabi jinoyatlarga belgilangan jazoni yengilrog‘iga almashtirish yoki muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilish kabi insonparvarlik aktlari qo‘llanilmasligi belgilanmoqda. O‘n olti yoshga to‘lmagan, jumladan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga zo‘ravonlik uchun, shuningdek, takroran shunday jinoyat sodir etganlarga 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi taklif etilmoqda. Amalda esa 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash jazolari belgilanar edi.
Majlisda qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilinib, deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA