Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) nomiga 2025-yil davomida jami 1 ming 934 ta murojaat kelib tushgan. Bu avvalgi yilga nisbatan 1,5 barobarga ko‘paygan.
Murojaatlarning 15 foizi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bilan bog‘liq bo‘lib, bu oldingi yilga qaraganda 6 foizga kamaygan. Ammo achinarlisi, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka oid murojaatlarning 34,4 foizi ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi yaqinlari tomonidan zo‘ravonlik qilingani bilan bog‘liq.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani)ning 2025-yil yakunlari bo‘yicha bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rioya etilishi holati yuzasidan ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.
[gallery-27823]
Ta’kidlanganidek, Bolalar ombudsmani tomonidan 2025-yilda davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan samarali parlament nazorati amalga oshirilgan. Bolalarning ta’lim olish, sog‘lig‘ini saqlash, oilaviy muhitda yashash hamda zo‘ravonlikdan himoyalanish huquqlarini ta’minlash borasida muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilgan.
Bolaning moddiy ta’minoti yuzasidan jami 403 mln. 745 ming so‘mlik aliment qarzdorligi undirishga ko‘maklashilgan. Ma’lum qilinganidek, murojaatlarning 223 tasi aliment masalalari bilan bog‘liq bo‘lib, bu avvalgi yilga nisbatan ko‘paygan. Qasddan aliment to‘lamaslik holati 20 mingdan ortiqni tashkil etib, 16 mingtasiga tegishli ta’sir choralari qo‘llanilgan. Bu qonunga amal qilinmagani, sud ijrochilari tomonidan qasddan aliment to‘lamaganlarga nisbatan vaqtida ijro ishi amalga oshirilmaganini ko‘rsatadi.
Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova ayrim tashkilotlarga yuborilgan so‘rovlarga javob berilmagani, ma’lumotlar taqdim etilmaganini aytib o‘tdi.
Deputat Kozim Tojiyev aynan bolalar huquqlari bilan bog‘liq vazirliklarning zarur ma’lumotlar taqdim etmaganini, albatta, oqlab bo‘lmasligini, bu holat mazkur davlat idoralariga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish zarurligini taqozo etishini ta’kidladi. Aslida Bolalar ombudsmani instituti vazirliklar, idora va tashkilotlar bilan integratsiya qilinishi, zarur ma’lumotlar real vaqt rejimida Ombudsmanga ham kelib tushishi lozimligini aytib o‘tdi. Masalan, ruhiy nosog‘lom deb topilgan ota-ona haqidagi ma’lumot tegishli tashkilotlar bilan bir vaqtda Bolalar ombudsmaniga ham kelib tushishi kerak.
Muhokamalarda bir qator fikr-mulohaza va takliflar bildirilib, fraksiya a’zolari tomonidan Bola huquqlari bo‘yicha vakilning ma’ruzasi ma’qullandi.
Muhtarama Komilova, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA