20 noyabr – Butunjahon bolalar kuni
Bola — bu faqatgina uydagi quvnoq ovoz emas, balki butun oilaning yuragidagi umid, hayotning eng go‘zal ne’mati. Uning ko‘zlariga qarab go‘zal kelajakni ko‘rasiz.
Shu bois yurtimizda bolalarga berilayotgan e’tibor bu - kelajakka qo‘yilgan eng katta sarmoya, eng kuchli asos. Chunki bola — millatning ertasi, davlatning tayanchi, jamiyatning erkin va teran fikrlovchi avlodi. O‘zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilish masalasi davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Bola qaysi hududda yashashidan, ota-onasi kim ekanidan qat’i nazar sog‘lom o‘sishi, o‘qishi, o‘ynashi, iqtidorini rivojlantirishi va eng muhimi, xavfsiz muhitda hayot kechirishga haqli. Bu huquqlar qog‘ozda emas, hayotning o‘zida amalga oshishi uchun yurtimizda ko‘plab dasturlar, tashkilotlar va jamoatchilik tuzilmalari faol ishlamoqda.
Avvalo, Konstitutsiyamizda bolaning ta’lim olish huquqi belgilab qo‘yilgan. Bu faqat qog‘ozda emas, amalda ham hayotga tatbiq etilgan. Har o‘quv yilida yangi maktablar qurilyapti, eskilari ta’mirlanmoqda, qishloqlarda ham zamonaviy IT sinflar ochilyapti.
Bola hayotidagi eng muhim jihatlardan yana biri uni zo‘ravonlikdan himoya qilish. Buning uchun maktablarda psixologlar faoliyat yuritadi. Ijtimoiy himoya milliy agentligining tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi ishonch raqami aynan bolalar va ayollarga xizmat ko‘rsatadi.
Masalan, biron bolaga uyda yoki maktabda bosim bo‘lsa, bolaning o‘zi yoki uning ota-onasi shu raqamga qo‘ng‘iroq qilib yordam so‘ray oladi. Bu ham huquqiy kafolatning amaliy ko‘rinishi.
Bolaning o‘ynash, dam olish va qiziqishini rivojlantirish huquqi ham ta’minlangan. Ayni paytda har bir viloyatda yangi sport maydonlari, bolalar oromgohlari, kutubxonalar ochilyapti. Masalan, Farg‘onadagi ko‘plab mahallalarda sport maydonchasi barpo etilgani bolalarning jismoniy rivojlanish huquqini ta’minlashda amaliy qadamdir.
Yurtimizda bolalar xavfsizligi va salomatligi uchun ham alohida dasturlar ishlaydi. Profilaktik tekshiruvlar, bepul emlash, oromgohlar, sog‘lomlashtirish ishlari farzandlarimiz sog‘-omon va baxtli o‘sishi uchun xizmat qiladi.
O‘zbekistonda bolalar huquqi qonun bilan kafolatlangan bo‘lishi ehtimol, lekin eng katta kuch — bu huquqlarni hayotga tatbiq etayotgan ishlar, loyihalar va xalqimizning bolaga bo‘lgan mehri. Zero, bolaga muhabbat bor joyda, kelajak mustahkam bo‘ladi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA