Bugungi kunda bolalar huquqlarini ta’minlash va ularning huquqiy savodxonligini oshirish jahon hamjamiyati oldidagi ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan sharoitda bolalarga huquqiy axborotni zamonaviy, tushunarli va interaktiv shakllarda yetkazish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bois, davlat tashkilotlari va xalqaro institutlar o‘rtasidagi hamkorlik mazkur yo‘nalishda samarali mexanizmlarni joriy etish, bolalar manfaatlarini himoya qilish va ular uchun adolatli muhit yaratishda muhim o‘rin tutadi.
“Adolat” milliy huquqiy axborot markazi mas’ul xodimi Durdona Solihova bolalarga huquqiy axborotni yetkazish usullari bugungi kunda sezilarli darajada o‘zgarayotganini ta’kidladi:
–Zamonaviy raqamli vositalar, interaktiv platformalar va ko‘rgazmali materiallar orqali huquqiy bilimlarni yetkazish an’anaviy usullarga nisbatan ancha samarali natija bermoqda. Bunday yondashuv bolalarning o‘z huquqlarini anglashi, ulardan foydalanish va zarur hollarda himoya qilish ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu kunlarda “Adolat” milliy huquqiy axborot markazida UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Reksina Mariya Kastijio ishtirokida muhim hamkorlik uchrashuvi tashkil etildi. Uchrashuv davomida tomonlar mamlakatimizda bolalar huquqlarini himoya qilish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish hamda bolalar uchun odil sudlov tizimini xalqaro standartlar darajasida rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildi.
Muloqot chog‘ida bolalarga oid huquqiy axborotni yetkazishning yangi va zamonaviy mexanizmlarini joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, bolahuquqlari.uz portalini tubdan modernizatsiya qilish bo‘yicha taqdim etilgan yangi texnik konsepsiya uchrashuvning muhim qismiga aylandi.
Loyiha doirasida portalning imkoniyatlarini kengaytirish, uni nafaqat ma’lumot beruvchi manba, balki bolalar uchun interaktiv ta’lim platformasiga aylantirish, inklyuziv funksiyalar, yoshga moslashtirilgan o‘yinlar va metodik materiallarni joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, Reksina Mariya Kastijio huquqiy hujjatlarni “bola tiliga” moslashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berib, bu yo‘nalishda UNICEF tomonidan metodik va amaliy yordam davom etishini aytib o‘tdi.
Mutaxassislar qayd etganidek, raqamli loyihalar, balki jamiyatda bolalar manfaatlarini himoya qilishda amaliy ahamiyatga ega. Ota-onalar va o‘qituvchilar uchun mo‘ljallangan huquqiy resurslarni boyitish, bolalarning zo‘ravonlikdan himoyalanish bo‘yicha xabardorligini oshirish hamda tumanlar kesimida bolalarga xizmat ko‘rsatuvchi muassasalar haqidagi ma’lumotlarni ochiqlash strategik vazifalar sifatida belgilangan.
Tomonlar “Adolat” MHAM va UNICEF o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, kelgusida qo‘shma “Yo‘l xaritasi” asosida tizimli ishlarni davom ettirish va belgilangan texnik hamda ijtimoiy tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Mazkur hamkorlik bolalar huquqlarini ta’minlash borasidagi islohotlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqishda muhim qadamdir.
N.Ziyodullayeva,O‘zA