Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalarga bering dunyoni
16:39 / 2023-05-27

Bola – bu dunyo, bola – bu hayot mazmuni. Bolalar o‘z tabassumi bilan insonlar qalbida hayotga, yashashga qiziqish uyg‘otadi. Ko‘zlarida ezgulik va mehr qalqib turgan bolajon musaffo osmonda erkin parvoz etayotgan qaldirg‘ochga o‘xshaydi.

Mamlakatimizda 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni keng nishonlanib, kelajak egalari uchun turli konsertlar, ko‘rgazmalar, sayillar, sport musobaqalari o‘tkaziladi. Ushbu azaliy an’anaga sodiq qolgan holda poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat federatsiyasida ham DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilarining farzandlari uchun “Bolalarga bering dunyoni” deb nomlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.  

Unda so‘z olganlar bolajonlarni bayram bilan qutlash barobarida, kelajakda yurtga munosib farzand bo‘lib yetishishlari uchun tinmay o‘qib-izlanishlari va o‘z kasbining mohir ustasi bo‘lib yetishishlari kerakligini ta’kidlashdi.

Shundan so‘ng, tadbirning asosiy qismi bo‘lgan sport musobaqalariga start berildi. Unda harbiy xizmatchilar va ishchi xizmatchilarning 5 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan yosh toifadagi farzandlari guruhlarga bo‘linib, stol tennisi, badminton, estafeta, shashka, shaxmat, kegli, darts va boshqa bir qator sport turlari bo‘yicha o‘zaro bahslashdi. Ushbu jarayonda o‘g‘il-qizlarning epchilligi, chaqqonligi va zukkoligi sinovdan o‘tkazildi.  

Tadbir davomida sarhadlarimiz posbonlarining turmush o‘rtoqlari o‘rtasida ham “Eng ibratli ona” tanlovi o‘tkazildi. Unda harbiy oila bekalari o‘zlarining jismoniy hamda aqliy salohiyati, shuningdek, pazandalik mahoratini amalda namoyon etdi.  

Musobaqa yakunida natijalar sarhisob qilingach, barcha yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan diplom, medal hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.  

Tadbirning badiiy qismida esa DXX Chegara qo‘shinlari Ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

Albatta, o‘tkazilgan tadbirdan olam-olam zavq olgan bolajonlarning ko‘zlaridagi quvonch ertangi kelajakka ishonchdir.  

N.Bozorova, O‘zA