O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamkorligida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Kitobsevar millat” shiori ostida “Kitobxon bolalar” va “Dunyo daholari” ruknida chop etilgan kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda jurnalistlar, shoir va yozuvchilar, poytaxtimizdagi axborot-kutubxona markazlari mutaxassislari, hamkor tashkilotlar vakillari hamda bir guruh yosh kitobxonlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, taniqli shoir Muhiddin Omon va boshqalar keyingi yillarda mamlakatimizda kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga ustuvor masala sifatida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning to‘rtinchisi sifatida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish belgilangani ham bejiz emas. Zero, ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalashda kitobning o‘rni beqiyos.
[gallery-20233]
Bu ezgu tashabbusni ro‘yobga chiqarish yo‘lida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi ham munosib hissa qo‘shmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan “2023 yilda NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘rtasida muhim ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirishga davlat ijtimoiy buyurtmalarini taqdim etish uchun tanlov”da Uyushma “Aholi, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, barkamol shaxsni tarbiyalashda kitobxonlik madaniyatini oshirish” loyihasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgach, bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada jadallashtirishga qo‘shimcha moddiy imkoniyat yaratildi.
Jumladan, mazkur loyiha doirasida bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan o‘n nomdagi o‘zbek va jahon adabiyotining eng yaxshi namunalarini nashrga tayyorlash, chop etish, audio shakllarini yaratish hamda ularni davlat buyurtmachisi bilan kelishgan holda axborot-kutubxona muassasalariga beg‘araz taqdim etish belgilangan edi. Joriy yil mobaynida nashr qilinishi rejalashtirilgan adabiyotlar ro‘yxati Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan kelishilgan holda tasdiqlangach, ushbu kitoblarni chop etish bo‘yicha nashriyotlar bilan shartnoma tuzildi.
Shu kungacha “Kitobxon bolalar” rukni ostida “Shalola”, “Oq qovunning bolasi”, “Uchar hammom”, “Sehrgarning uzugi”, “Bolalikning qo‘lidan tutib” nomli kitoblar “O‘zbekiston nashriyoti” davlat unitar korxonasida, “Dunyo daholari” turkumidagi “Stiv Jobs – kompyuterga jon bergan odam”, “Muhammad Ali – barcha davrlarning buyuk bokschisi”, “Leonardo da Vinchi – zamonasidan ilgarilab ketgan aql sohibi”, “Motsart – musiqa dahosi”, “Albert Eynshteyn – serqirra daho” nomli kitoblar esa “ASAXIY BOOKS” MCHJda chop etildi.
–Bolalarning ma’naviy dunyosini boyitish, ularni turli yot va zararli g‘oyalardan ishonchli himoyalashda yaxshi kitobning, mukammal badiiy adabiyotlarning ahamiyati va o‘rni beqiyos, – dedi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov. – Shu sababli bolalarni kitobxonlikka jalb etish, ularning mutolaa madaniyatini yuksaltirish, umuman, xalqimizni kitobxon millat sifatida shakllantirish borasidagi bir qator loyihalarni faol qo‘llab-quvvatlayapmiz.
Darhaqiqat, nashrdan chiqqan kitoblar she’rlar, hikoyalar va ertaklar mazmuniga mos ajoyib rasmlar bilan boyitilib, bolalar e’tiborini o‘ziga jalb qiladigan ajoyib dizayn va yorqin qiyofada chop etilgani diqqatga sazovor.
Jumladan, atoqli bolalar shoiri Orif To‘xtashning “Shalola” nomli kitobi farzandlarimizni bolalikning rangin olamiga boshlaydi, bir-biridan ajoyib she’rlarga oshno qilib, bolalar qalbiga shodlik, zehniga bilim, orzu-umidlariga esa qanot baxsh etadi.
Sevimli bolalar ijodkori Abdurahmon Akbar bugun oramizda bo‘lmasa-da, uning “Oq qovunning bolasi” to‘plamidan o‘rin olgan bir-biridan quvnoq she’rlari yosh kitobxonlarga hayrat va hayajon baxsh etishda davom etadi.
Muhabbat Yo‘ldosheva qalamiga mansub “Uchar hammom” kitobi esa kichik-kichik ertaklardan iborat bo‘lib, unda muallif tabiat va hayvonot olamini jonlantirish orqali o‘ziga xos tarbiyaviy mulohazalarini bayon etgan. Bu ertaklarni o‘qish orqali bolalar halollik va to‘g‘rilik, ezgulik va tabiatga muhabbat tuyg‘ularini o‘zida shakllantira olishi aniq.
Isoqjon Nishonovning “Sehrgarning uzugi” to‘plamidan joy olgan hikoyalarni mutolaa qilish jarayonida farzandingiz “Sehrgarning uzugi qanaqa bo‘ladi?”, “Orolga qanday xazina ko‘milgan?” kabi savollarga javob topish asnosida yana ko‘plab qiziqarli voqea-hodisalarga duch keladi. Ushbu to‘plamdan joy olgan hikoyalar qahramonlari orasidagi kattalar hayoti ham bolalarni befarq qoldirmaydi.
“Bolalikning qo‘lidan tutib” deb nomlangan to‘plamga yurtimizning olis hududlarida mehnat qilayotgan faxriy o‘qituvchi-ijodkorlarning bir-biridan qiziq hikoya va qissalari kiritilgan. Ularni o‘qir ekan, yosh kitobxon ko‘z o‘ngida purviqor tog‘larning sir-sinoatlari, tebranuvchi va kuylovchi ming yillik archalar va shu kabi tabiatning kutilmagan mo‘’jizalari gavdalanadi. Mazkur kitob qahramonlari ham bugunning bolalari. Ularning ajoyib sarguzashtlari farzandingizni aslo zeriktirmaydi.
“Dunyo daholari” rukni ostida chop etilgan kitoblardan o‘rin olgan mashhurlarning har biri o‘z yo‘li, tafakkuri, ixtirolari, olamshumul ishlari va hatto taqdiri bilan dunyoni o‘zgartirgan. Bu insonlar barchani hayratga soladigan, tasavvur va qiziqish uyg‘otadigan ajoyib shaxslar bo‘lib, ular bilan bog‘liq hayotiy hikoyalar o‘ziga ohanrabodek tortadi.
“Dunyo daholari: Muhammad Ali – barcha davrlarning buyuk bokschisi” nomli kitob esa o‘z davrida jahonning tengsiz sportchisi bo‘lgan mashhur inson – Muhammad Ali hayotiga bag‘ishlangan. Muhammad Ali ilk bor 13 yoshida boks bilan shug‘ullana boshlagan va 18 yoshida Olimpiadada g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Uning ring ichida ham, ring tashqarisida ham qilgan zalvorli ishlari “Eng buyuk sportchi” degan nom qozonishiga sabab bo‘lgan.
“Leonardo da Vinchi – zamonasidan ilgarilab ketgan aql sohibi” kitobida dunyoga mashhur rassom, serqirra ijodkor Leonardo da Vinchi (1452–1519)ning hayot yo‘li va faoliyati o‘zining tilidan maroqli tarzda hikoya qilinadi. Shu asnoda ko‘plab sirlar oshkor etiladi. Kitob nihoyasida esa da Vinchi ijodidan eng sara ertaklar o‘rin olgan.
“Motsart – musiqa dahosi” nomli kitobda o‘z asarlari bilan mangulikka muhrlangan bastakor, yuksak mahoratli san’atkor Volfgang Amadey Motsart hayotidan hikoya qilinadi. U 36 yoshga yetmay vafot etgan bo‘lsa-da, 620 dan ortiq tugallangan asarlar, ko‘plab parcha va eskizlar qoldirgan. Deyarli barcha daholar singari Motsartni ham o‘z davrining insonlari tushunmagan, qadrlamagan. Ammo uning yorug‘lik, baxt, hayotga to‘la musiqasi hamisha odamlarni maftun qiladi, zavqlantiradi, eng yorqin va eng ezgu ishlarga undaydi.
“Albert Eynshteyn – serqirra daho” nomli kitobdan mashhur fizik-nazariyotchi, barcha zamonlarning eng buyuk va eng katta ta’sirga ega fizik olimi Albert Eynshteyn hayotiga oid hikoyalar o‘rin olgan.
Albert Eynshteyn “bo‘lishi mumkin emas”, deb uqtirilgan narsalarni tasavvur qilishdan aslo qaytmagan. Uning ziddiyatlarga boy serqirra ilmiy faoliyati va xavf-xatarga to‘la shaxsiy hayoti “Dunyodagi eng mashhur fizik” degan nom qozonishiga sabab bo‘lgan.
Ayni paytda Uyushma axborot xizmati xodimlari tomonidan yuqoridagi o‘nta kitobning audio varianti ham tayyorlanmoqda. Yaqin kunlarda ushbu kitoblar audio variantlari bilan birga mamlakatimizdagi axborot-kutubxona muassasalariga bepul taqdim etiladi.
Kitoblardan joy olgan ibratli hikoyalar, she’rlar va ertaklar o‘quvchilarga manzur bo‘lishiga shubha yo‘q.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA