Bolaligimizda har birimiz ertaklar, rivoyatlar, afsonalar, kichik hikoyalarni tinglab ulg‘ayganmiz, topishmoq va tez aytishlar, maqol va matallarni yod olib, takrorlaganmiz. Bu bejiz emas.
Asrlar davomida og‘izdan og‘izga, avloddan avlodga o‘tib, sayqal topib kelayotgan xalq og‘zaki ijodi namunalari yosh avlod ongida milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini, ota-onaga, yurtga sadoqat va mehr hissini uyg‘otishga zamin yaratadi. Har bir bolaning mardlik, to‘g‘riso‘zlik, adolatlilik kabi insoniy hislar bilan ulg‘ayishiga asos bo‘ladi.
Shu bois maktabgacha ta’lim muassasalarida maktabgacha yoshdagi bolalarga ta’lim-tarbiya berishda xalq og‘zaki ijodi namunalaridan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratiladi. Ushbu boy ma’naviy merosimiz vositasida yoshlarni ma’naviy-axloqiy rivojlantirish, ularni barkamol inson sifatida shakllantirish, milliy g‘urur, ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga erishiladi. Zero, ma’naviy va aqliy jihatdan rivojlangan, dunyoqarashi, fikrlashi keng, erkin fikr yuritadigan, yurtga sadoqatli farzandlarni tarbiyalash yurtimiz ertasiga mustahkam poydevor qo‘yish bilan barobardir.
Ajdodlarimizning tafakkuri mahsuli bo‘lgan, bir necha asrlarga teng xalq og‘zaki ijodi namunalari — ertaklar, hikoyalar, rivoyatlar, afsonalar, topishmoqlar, tez aytishlar, maqollar, matallar, milliy xalq o‘yinlari, laparlar, qo‘shiqlar, latifalar, naqllar, turli milliy bayram va marosimlarimiz mazmun-mohiyati, ahamiyatini to‘g‘ri talqin qilgan holda maktabgacha yoshdagi tarbiyalanuvchilarga yetkazish dolzarb ahamiyatga ega. Xalq og‘zaki ijodi namunalarida targ‘ib etiladigan xislatlar, insoniy fazilatlar, vatanparvarlik, xalqparvarlik tuyg‘ulari ongi rivojlanib, o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillarida milliy g‘urur, milliy iftixor hissini shakllantiradi, o‘zligini anglashga ko‘maklashadi. Shuningdek, milliy mentalitetning shakllanib borishiga, xalqning o‘ziga xos urf-odatlari, milliy qadriyat va an’analariga hurmat va mehr ruhida tarbiyalanishiga xizmat qiladi.
Ayniqsa, bugungi globallashuv davrida, axborot tezligi ortib borayotgan bir vaqtda yosh avlod qalbiga milliylik urug‘larini qadash, vatanparvarlik va milliy g‘urur tuyg‘ularini o‘stirib borish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ayniqsa, maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarida shakllanib borayotgan milliy g‘urur tuyg‘usini yanada o‘stirishda xalq og‘zaki ijodi namunalarining tarbiyaviy ahamiyati beqiyos.
Shunday ekan, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarni Vatanga sadoqat, buyuk ajdodlar ma’naviy merosiga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlar jarayonini yanada kengaytirish va muntazam tashkil etish muhim. Xalq og‘zaki ijodi, milliy urf-odatlarimiz, boy ma’naviy-madaniy merosimiz, sharqona va umumbashariy qadriyatlar ertamiz egalari bo‘lgan bolajonlarimizning g‘ururli, yurtga, ota-onaga sadoqatli, mard va jasur bo‘lib kamolga yetishiga zamin yaratadi, yurtimizdagi tinchlikni, hamjihatlikni saqlash va qadrlashga o‘rgatadi. Bundan tashqari, turli axborot xurujlari oldida mustahkam dunyoqarashga ega inson sifatida ulg‘ayishida ustuvor ahamiyat kasb etadi.
E’zoza Yashinova,
Shahrisabz davlat pedagogika instituti
Maktabgacha ta’lim yo‘nalishi talabasi