Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar xavfsizligi — umumiy mas’uliyat
19:30 / 2025-09-10

Jizzax viloyatida 2025–2026 o‘quv yilida 566 ta maktabga 31 ming 209 nafar birinchi sinf o‘quvchisi qabul qilindi. Ta’tildan so‘ng shahar va tumanlar ko‘chalari yana bolalar bilan to‘ldi. Ammo ularning yo‘llarda xavfsiz harakatlanishi bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

“Diqqat, bolalar!” profilaktik tadbiri doirasida viloyatda ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

– Joriy yilning 3 sentyabridan 23 sentyabriga qadar o‘tkazilayotgan tadbir oldidan maktablar atrofi, chorrahalar, yo‘l belgilari va svetoforlar holati juda diqqat bilan tekshirildi, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi, – deydi yo‘l harakati xavfsizligining katta inspektori Abbos Dadashov. – Avtotransport qatnovi mavjud bo‘lgan viloyatning har bir umumta’lim maktabi va bolalar bog‘chasiga xodimlarimiz biriktirilgan. Ular tonggi darslar boshlanishidan oldin ta’lim-tarbiya muassasalariga kirib-chiqadigan bolalarni yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishga o‘rgatish va harakatni nazorat qilish bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda.

Jizzax shahridagi 29-sonli maktabda o‘tkazilgan “Diqqat, bolalar!” tadbirida viloyat YHXB rahbari podpolkovnik Alimahammat Saydahmatov so‘zga chiqib, bolalarni bilim olish bilan birga, yo‘lda sog‘- salomat yurish uchun qoidalarga qat’iy amal qilishga chaqirdi.

– Endigi vazifangiz — qunt bilan o‘qish, ajdodlarimizning tarixini bilish va zamonaviy dunyoga tayyorlanish, – dedi u. – Lekin yo‘l harakati qoidalarini doimiy ravishda unutmang. Ular sizlarning hayotingizni saqlash uchun kerak.

Tadbir davomida birinchi va ikkinchi sinf o‘quvchilari uchun “Yo‘l harakati intizomi bolalikdan boshlanadi” shiori ostida o‘quv mashg‘ulotlari ham o‘tkazildi.

– Yangi o‘quv yilining bir haftalik muddati ichida viloyatimiz maktab va bog‘chalarida 100 dan ortiq targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tdi, – deydi viloyat IIB JXX axborot guruhi mutaxassisi Sabohat Davlatova. – Bolalar ishtirokida sodir bo‘ladigan qoidabuzarliklarni tahlil qilamiz va oldini olishga alohida e’tibor qaratamiz. Shuningdek, yo‘lovchi tashuvchi haydovchilar bilan ham muntazam suhbatlar tashkil etib kelayapmiz.

Shu o‘rinda aytish joizki, bolalarimiz xavfsizligi faqat davlat idoralarining zimmasiga yuklangan vazifa emas. Har bir ota-ona farzandining maktabga borib-kelishidagi xavfsizlik uchun mas’ul ekanini unutmasligi ham qarz, ham farz.

A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari