English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar xavfsizligi ularni xavfsiz ma’lumotlar bilan ta’minlashga ham bog‘liq
15:25 / 2023-08-16

O‘zbekiston Bolalar ombudsmani, Ichki ishlar vazirligi va BMTning Bolalar jamg‘armasi (UNICEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Bu hamkorlik bolalar huquq va manfaatlarini muhofaza qilish, bolalar zo‘ravonligining oldini olish va bunga chek qo‘yishga qaratilgan.  

IIV va UNICEF o‘rtasida 2023 yilga mo‘ljallangan hamkorlik rejasi tasdiqlangan. Shu asosda bolalar huquqiy ongini oshirish, ularning xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.  

O‘zaro hamkorlik asosida “Safeme” loyihasi ishlab chiqilgan. Ushbu loyihaga ko‘ra alohida veb-sayt va uning mobil ilova versiyasi orqali nafaqat bolalar, balki ota-onalar, bolalar uchun mas’ul shaxslar Internetdan xavfsiz foydalanishga oid barcha bilimlarni o‘rganib, undagi tavsiyalar bilan tanishib borishi mumkin.  

“Safeme.uz” veb – platformasi va mobil ilovasida har bir oila, yoshlar, o‘smirlar va bolalar uchun “xavfsiz Internet makoni”ni yaratishga, turli buzg‘unchi, yovuz g‘oyalar, fikrlar, xabarlar ta’siridan ularni himoyalashga e’tibor qaratilgan.  

Toshkent viloyatining “Oqtosh” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida bolalarning huquqiy ongini oshirishga qaratilgan tadbirda shular haqida so‘z yuritildi.  

Bolalar ombudsmani, UNICEF, IIV, davlat organlari va jamoat tashkilotlarining vakillari ishtirokida tashkillashtirilgan tadbirda Internetdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va axborot olishdagi tengsizlikni qisqartirish barcha bolalar va yoshlar muvaffaqiyatga erishishlari uchun, zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun juda muhimligi qayd etildi.  

Afsuski, afzalliklariga qaramay, internetda noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatish holatlari ham uchraydi.  

Shu bois ham onlayn, ham real hayotda zo‘ravonlikka qarshi kurashning eng yaxshi yo‘li – bu masalalarni hal qilishda tizimli yondashuv muhim sanaladi.  

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalasini hal etish uchun ota-onalarning bilim va ko‘nikmalarini yaxshilash, bolalarning xabardorligini oshirish, ijtimoiy xizmatlar va bolalarni himoya qilish sohasidagi kadrlar salohiyatini takomillashtirish hamda kuchli qonunchilikni hamda institutsional bazani, jumladan, ma’lumotlarni to‘plash va boshqarish tizimini talab qiladi.  

Internetda va real hayotda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash bo‘yicha kelgusidagi qadamlar sifatida ishtirokchilar idoralararo hamkorlikni yaxshilashi zarur. Bu jarayonda fuqarolik jamiyati tashkilotlarining faol ishtiroki, ota-onalar va mutaxassislarning bolalarni qo‘llab-quvvatlash va onlayn tahdidlardan himoya qilish bo‘yicha xabardorligini oshirish maqsadga muvofiq.                                                                      

 

N.Abduraimova, O‘zA