Maktab yoshidagi bolalar bilan teng ravishda katta yoshdagilarning ham bilim olishga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganligini inobatga olib, ularga ham o‘quv markazlari, axborot-kutubxona va sog‘lomlashtirish ta’lim tashkilotlari tomonidan ta’lim xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
Ta’limning asosiy prinsiplaridan biri bo‘lmish insonning butun hayoti davomida ta’lim olishi aholining barcha qatlamini to‘liq qamrab olinmagan edi. Xususan, yoshi katta aholi qatlamining ta’lim muassalaridagi axborot-kutubxonalaridan to‘liq foydalanilmas edi.
Joriy yilning 23 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish sohasini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.
Mazkur hujjatda qayd etilganidek, bolalar va kattalarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini hisobga olib, qo‘shimcha ta’limning aniq huquqiy asoslarini yaratish va ularni qonunchilikda mustahkamlash zarur.
Mazkur Qonun bilan 5 ta qonun hujjatlariga maktabdan tashqari ta’limni qo‘shimcha ta’lim bilan almashtirishni, ushbu sohadagi faoliyat to‘g‘risida xabardor qilish tartibini tasdiqlashni, shuningdek vakolatli organlarni belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan,
1) 2020 yil 23 sentyabrdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 11 ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Unga ko‘ra:
a) Qo‘shimcha ta’lim bolalar va katta yoshdagilarning ijodiy qobiliyatini shakllantirishga hamda kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga, intellektual va jismoniy takomillashuvga bo‘lgan individual ehtiyojlarini qanoatlantirishga, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga, sog‘lig‘ini mustahkamlashga va bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etishga qaratilgan. U bolalar uchun qo‘shimcha ta’limni hamda katta yoshdagilar uchun qo‘shimcha ta’limni o‘z ichiga oladi.
Katta yoshdagilar uchun qo‘shimcha ta’lim ularning ta’limga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantirish, qo‘shimcha bilim va ko‘nikmalarni egallashiga ko‘maklashish uchun tashkil etiladi.
Qo‘shimcha ta’lim berish tartibi ta’lim sohasidagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan belgilanadi;
b) katta yoshdagilar uchun qo‘shimcha ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish shaklidagi faoliyat esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligini belgilangan tartibda xabardor qilish orqali amalga oshiriladi;
2) 2021 yil 14 iyuldagi “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunining ikkita ilovasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Mazkur Qonun bilan tasdiqlangan Vakolatli organlarni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turlarining 11-pozitsiyasidagi “Maktabdan tashqari ta’lim faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik to‘g‘risida xabarnoma” xabarnomaning nomi “Qo‘shimcha ta’lim faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik to‘g‘risida xabarnoma” bilan almashtirildi.
Bundan tashqari Xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi vakolatli organlar qatoriga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ham kiritildi.
Mazkur Qonun nafaqat bolalarning, balki barcha yoshdagi fuqarolarning qo‘shimcha ta’lim olishga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantirish, ularning qo‘shimcha kasbiy bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida (www.lex.uz) e’lon qilingan va 2025 yil 24 oktyabrdan kuchga kirdi.
Fayziyev Farruxjon,
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi
Yuridik ta’minlash bo‘limi boshlig‘i