French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar va ayollar manfaati –ustuvor
14:40 / 2025-04-20

Jizzax viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tashabbusi bilan tashkil etilgan amaliy seminarda Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi, viloyat prokuraturasi, hududlardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari rahbar va xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirning asosiy maqsadi – aholi, ayniqsa, bolalar va ayollar manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy yordam ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirish, sud-huquq tizimi bilan amaliy hamkorlikni mustahkamlashdan iboratdir.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli organ hisoblanadi. Agentlik faoliyati doirasida vasiylik va homiylik, farzand asrab olish, bolalarni oilalardan ajratishning oldini olish, shuningdek, zo‘ravonlik va tazyiqdan jabrlangan fuqarolarni himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganini ta’kidlab o‘tish joiz.

Shuningdek,  seminarda Prezidentimizning 2024 yil 10 maydagi “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.  

Davlatimiz rahbarining ushbu qaroriga muvofiq, shahar va tumanlardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki jabrlanish xavfi ostida bo‘lgan xotin-qizlarga ishni himoya orderi berilishiga qadar olib bormaslik maqsadida har ikkala tomonga huquqiy, psixologik va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish amaliyoti joriy etib kelinayotgani o‘zining ijobiy samaralarini berayotgani qayd etildi.

Shu bilan birga, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ushbu toifadagi shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida kiritiladigan ariza va da’volar davlat bojidan ozod qilingani haqida ishtirokchilarga huquqiy tushunchalar berildi. Bu esa davlat tomonidan fuqarolarning huquqlarini kafolatlashga qaratilgan muhim amaliy qadamlardan biri sifatida e’tirof etildi.

Bundan tashqari, tadbir davomida, chin yetim, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan va yolg‘iz ona qaramog‘idagi bolalarning huquqlarini ta’minlash masalalari yuzasidan ham sudlarga da’vo arizalarini tayyorlash, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish va suddagi protsessual huquq va majburiyatlar haqida atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi.  

Tadbir davomida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, axborot va huquqiy maslahat almashinuvini yo‘lga qo‘yish, aholiga huquqiy yordam ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.  

Qizg‘in muhokama, munozara va sud amaliyotidan keltirilgan misollar asosida o‘tgan seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan  huquqiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha savollariga sudyalardan javoblar oldi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari