O‘zbekiston bolalar tashkiloti tomonidan 19-23 may kunlari o‘tkazilayotgan Respublika bolalar forumining 2-kunida ishtirokchilarimiz yo‘nalishlar asosida guruhlarga bo‘linib, soha mutaxassislaridan amaliy va nazariy bilimlar olishmoqda.
Xususan, "Liderlik va jamoani shakllantirish" yo‘nalishi bo‘yicha mentorimiz Nuriddin Ubaydullayev ishtirokchilarga liderning asosiy ko‘nikmalari hamda jamoani to‘g‘ri shakllantirish va boshqarish bo‘yicha zaruriy bilimlarni o‘rgatdi.
Shuningdek, bolalar uchun murabbiylar tomonidan mahorat darslari tashkil etilib, Sardorlar Kengashi a’zolari uchun o‘quv-seminar va loyihalar tashkil etish va bu orqali hududlarda bolalar qalbiga vatanparvarlikni singdiruvchi, ekologik madaniyatni oshirish, yoshlarning yurtga sadoqat, madaniy merosga hurmat tuyg‘ularini kuchaytiruvchi o‘quv – seminarlari o‘tkazilmoqda.
–Biz bolalar forumiga Qashqadaryo viloyatidan delegatsiyamiz bilan birgalikda tashrif buyurdik, –dedi O‘zbekiston bolalar tashkiloti Qashqadaryo viloyati bosh sardori Mirfayzbek Abdullayev. – Ochig‘i may oyining dastlabki kunlaridan forum doirasida o‘tkaziladigan “Yeng namunali hududiy Sardorlar Kengashi”, “Qadriyat, urf-odat, an’ana va bolalar” festivali hamda “Quvnoqlar va zukkolar” loyihalariga jamoamiz bilan puxta tayyorgarlik ko‘rishni boshlagandik.
Forum juda ajoyib va ko‘tarinki ruhda tashkil etilayapti. Jumladan, “Liderlik va jamoani shakllantirish” yo‘nalishida tengdoshlarim bilan mahoratli murabbiylardan saboqlar olayapmiz. Bundan tashqari, mediasavodxonligimizni oshirishga qaratilgan uchrashuvlarda hozirgi kundagi ijtimoiy tarmoqdagi faol blogerlar bilan uchrashayapmiz. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Saida Rametova bilan uchrashuvda biz o‘zimizni qiziqtirgan savollarimizga javoblarni oldik.
Bilamizki, hozirgi kunda eng dolzarb mavzulardan biri bu – Ekologiya hisoblanadi. Instagram tarmog‘ida “O‘rik guli” taxallusi ostida faoliyat olib boruvchi Mo‘tabar Xushvaqtova forum ishtirokchilariga suvni asrash, chiqindilarni to‘g‘ri saralash mavzularida bizlarga seminar-treninglar o‘tib berdilar.
Forum doirasida bizning jamoadagi eng esda qolarli loyiha bu “Qadriyat, urf-odat, an’ana va bolalar” festivali bo‘lsa kerak. Chunki ushbu loyihada vohamiz – Qashqadaryo, Respublikamiz miqyosida 1-o‘rinni egalladik. Chiqishlarimiz mobaynida viloyatimizning mazali tandir go‘shti, ertapishar Ko‘kdala tarvuzlari, Shahrisabz so‘zanalarini tengdoshlarimizga taqdimot qilib berdik.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA