Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 25 yanvardagi tegishli qaroriga asosan mamlakatimizda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy ishlar shular jumlasidandir. Mazkur hujjatga muvofiq Toshkent viloyatidagi 5 ta ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasida 6 ta “G‘amxo‘rlik guruhi” tashkil etildi.

Ular jami 41 nafar bolani qamrab olgan bo‘lib, ularning ta’lim, tarbiya va ijtimoiy moslashuviga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Xususan, mazkur tashabbus doirasida Ohangaron shahridagi 7-sonli ixtisoslashtirilgan maktabda ham “G‘amxo‘rlik guruhi” faoliyat yuritmoqda.

– “G‘amxo‘rlik guruhi”ning maqsadlari ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga qabul qilinmaydigan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni parvarishlash, ta’lim-tarbiya berish hamda ularni jamiyatga moslashishiga ko‘maklashishdan iborat. Dastlabki kunlardagi hayajon va begonalik o‘rnini hozirgi kunga kelib do‘stona muhit egalladi. Bu esa bolalarning shaxsiy rivojlanishida muhim omil sanaladi. Bu tashabbus ota-onalar tomonidan ham katta mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda, – deydi mazkur maktab psixologi Shahnoza Navro‘zova.

A.Musayev, O‘zA