English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar uchun bepul reabilitatsiya xizmatlari yo‘lga qo‘yildi
12:23 / 2026-01-23

Qarshi shahrida faoliyat yuritayotgan “Imkon” reabilitatsiya markaziga ega ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotida nogironligi bo‘lgan 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun bepul reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatilmoqda.

Markazda turli toifadagi bolalar bilan zamonaviy usullar asosida ish olib boriladi. Xususan, ko‘rish va eshitishida nuqsoni bo‘lgan, aqliy va ruhiy rivojlanishida muammolari mavjud hamda tayanch-harakat tizimi buzilgan bolalar uchun individual va guruh mashg‘ulotlari tashkil etilgan.

Ayni paytda markazda jami 15 turdagi reabilitatsiya xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Ular orasida defektolog va psixolog mashg‘ulotlari, art va musiqa terapiyasi, mayda motorikani rivojlantirish, ijtimoiy moslashuv, sensor integratsiya, ertak terapiyasi, jismoniy tarbiya, oftalmolog ko‘rigi, avtomatlashtirilgan reabilitatsiya simulyatorlari (motomed), akvaterapiya, jismoniy mashqlar bilan davolash (LFK), fizioterapiya hamda massaj xizmatlari mavjud.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday kompleks yondashuv bolalarning jismoniy va ruhiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, ularni jamiyatga moslashtirish hamda hayot sifatini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ma’lumot o‘rnida, reabilitatsiya xizmatlaridan foydalanish uchun ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Imkon” reabilitatsiya markaziga murojaat qilishi mumkin.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri