English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar uchun bayram sovg‘asi
14:31 / 2023-06-01

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Toshkent tumanida bir qator ijtimoiy soha ob’ektlari foydalanishga topshirildi. Ana shunday maskanlardan biri barcha qulayliklarga ega perinatal markazi.

Maskanning ochilish marosimida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, Sog‘liqni saqlash vaziri Amrullo Inoyatov, tuman faollari, soha mutaxassislari qatnashdi.  

Toshkent tumani tug‘uruq majmuasi 110 o‘ringa mo‘ljallangan edi.  Faqatgina tuman aholisiga xizmat ko‘rsatar edi. Bu yerda tug‘ilgan kam vaznli chaqaloqlar Respublika muassasalariga yoki Chirchiq shahridagi viloyat perinatal markaziga joylashtirilar edi.  

Mavjud sharoitni e’tiborga olib binolar qayta ta’mirlandi va respublikadagi tashkil etilishi lozim bo‘lgan qirq oltita tumanlararo perinatal markazlari ro‘yxatiga Toshkent tumani tug‘uruq kompleksi ham kiritildi. Endilikda bu yerda muddatidan avval tug‘ilgan go‘daklar uchun ixtisoslashtirilgan reanimatsion va intensiv xizmatlarni ko‘rsatish, kam vaznli chaqaloqlarni parvarishlash, reabilitatsiya qilish, ekstragenital kasalligi bo‘lgan hamda asoratli tug‘ishi kutilayotgan homilador ayollar uchun malakali tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.  

Markazda mavjud bo‘lgan bo‘limlar bilan birgalikda qo‘shimcha o‘n o‘rinli “Chaqaloqlar patalogiyasi” va olti o‘rinli chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limlari tashkil etildi. Markaz zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar va tibbiy buyumlar bilan to‘liq jihozlandi. Buning uchun ajratilgan mablag‘ 2,1 milliard so‘mni tashkil etdi. Tumanlararo perinatal markazida Toshkent, Qibray va Zangiota tumani ayollariga, jumladan, yuqori xavfli perinatal asoratlari bo‘lgan homilador va tuqqan ayollar xamda yangi dunyoga kelgan chaqaloqlarga yuqori texnologiyali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatiladi.  

Tadbir ishtirokchilari markazda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Ma’lumki, oxirgi paytlarda davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish, bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishi uchun zarur sharoitlar yaratish, sohaga xususiy sektorni keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Prezidentimizning 2022 yil 14 iyuldagi “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qaror ijrosi bo‘yicha bugun tumanda 560 o‘ringa mo‘ljallangan “Hasanboy” MFY hududidagi 9-sonli Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ish boshladi. Bu bog‘cha 1939 yilda qurilgan bo‘lib, 140 o‘ringa moslashtirilgan edi. Biroq yil sayin qamrovning ortishi tufayli davlat-xususiy sheriklik asosida loyiha uchun 10 milliard so‘m ajratildi va yangi zamonaviy bino qurildi.  

Bolalar uchun kun davomida turli sport, xorijiy tillarni o‘rganish to‘garaklari faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi. Ushbu maktabgacha ta’lim tashkilotiga “Hasanboy”, “Hasanboy guzari” “Bahor” hamda Toshkent shahar Yunusobod tumani hududlaridan bog‘cha yoshidagi bolalar qamrab olinadi. Hozirda ushbu hududlardagi jami 3-7 yoshli 874 nafar bolalarning 293 nafari maktabgacha ta’limga qamrab olingan.  

Ochilish marosimida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Maktabgacha ta’lim agentligi direktori Agrippina Shin barchani bayram bilan tabrikladi.  

A. MUSAEV,  

D.ERNAZAROV (surat),O‘zA.