English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar uchun 13 nomdagi kitoblar taqdimoti o‘tkazildi
17:48 / 2025-12-24

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida 2025 yilda “O‘zbekiston nashriyoti” davlat muassasasi tomonidan “Buyuklar hayoti — yoshlarga ibrat” shiori ostida “Buyuklar bolaligi” turkumidagi ijtimoiy buyurtma loyihasi asosida nashr etilgan yangi 13 nomdagi kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.

Kitob va ma’rifat bayrami tarzida o‘tkazilgan ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, “O‘zbekiston nashriyoti” davlat muassasasi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston  Milliy kutubxonasi hamkorligida tashkil etildi.  

Tadbirda e’tirof etilganidek, keyingi yillarda yurtimizda  bolalar adabiyotiga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Xususan, nashriyotlarda eng kichik yoshdan to balog‘at yoshidagi o‘smirlar uchun mo‘ljallangan turli yo‘nalish va janrlardagi adabiy-badiiy, ilmiy-ma’rifiy, o‘quv-metodik hamda ensiklopedik kitoblar, lug‘at va ma’lumotnomalar assortimenti yildan-yilga boyib bormoqda.

Bundan o‘n yillar ilgari bolalar adabiyoti deyilganda faqat ertak va topishmoqlardan iborat takror va takror nashr etiladigan mo‘’jaz to‘plamlar tushunilgan bo‘lsa, bugunga kelib yurtimiz kitob bozorida mutlaqo boshqacha holat kuzatilmoqda.

Tadbir tashkilotchilari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda yangidan tashkil etilganining 5 yilligini nishonlagan “O‘zbekiston nashriyoti”da har yili 150–200 nomdagi, jami 750 000–1000000 nusxadan ortiq turli yo‘nalishdagi kitoblar nashr etib kelinadi.

2024-2025 yillar mobaynida mazkur ijodiy jamoada “Kitobxon bolalar” ruknida 70 dan ortiq, “Buyuklar bolaligi” ruknida esa 20 nomdagi yangi kitoblar nashrga tayyorlandi. Nashr rejasidan o‘rin olgan kitoblar orasida nafaqat o‘zbek tilida ijod qiladigan yozuvchilar, balki respublikamizda yashab kelayotgan rus hamda qoraqalpoq tillarida ijod qiluvchi ijodkorlarning bolalar uchun yaratilgan eng sara asarlari ham o‘rin olgan.  

E’tiborli jihati shundaki, mazkur kitoblar matbaachilikning eng zamonaviy sifat darajasida, xalqaro standartlarga muvofiq ravishda chop etildi. Shuningdek, go‘zal dizaynga ega, bir-biridan chiroyli illyustratsiyalar bilan ziynatlangan kitoblar xaridorbop, arzon narxlarda savdoga chiqarildi.

Taqdimoti o‘tkazilgan 13 nomdagi yangi asarlar “Buyuklar bolaligi”  ijtimoiy loyihasi asosida chop etilgan kitoblar bo‘lib, ular shonli tariximizni o‘zlarining ibratli hayoti bilan bezagan Jaloliddin Manguberdi, Najmiddin Kubro, Beruniy, Ibn Sino, Pahlavon Mahmud, Bibixonim, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur,  Abdulla Avloniy kabi allomalar haqida hikoya qiladi.  

Shu bilan birga nafaqat olis tarix, balki shundoqqina yonimizda yashagan, kuni kecha adabiyotimiz xazinasini o‘zlarining quvnoq va ma’rifiy-tarbiyaviy asarlari bilan to‘ldirgan Xudoyberdi  To‘xtaboyev, Tursunboy Adashboyev kabi benazir adiblarning bolaligi haqidagi qissalar ham yoshlarga manzur bo‘ladigan ibrat maktabi bo‘lishi shubhasiz.

Taqdimot tadbiri dasturiga muvofiq, ushbu adabiy-ma’rifiy anjumanda bir qator ma’ruzalar tinglandi. “O‘zbekiston nashriyoti” faoliyati bilan bog‘liq axborot, targ‘ibot mazmunidagi videoroliklar namoyish etildi. Yangi asarlari taqdim etilgan shoir va yozuvchilarning, noshir-mutaxassislarning o‘quvchilar bilan bevosita savol-javoblari, shuningdek “O‘zDavKitob savdo” tashkiloti tomonidan kitob yarmarkasi  uyushtirildi.  

N.Usmonova, O‘zA